O‘zbekistonda “E-bozor” yagona raqamli platformasi joriy etiladi

O‘zbekistonda bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini raqamlashtirish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan «E-bozor» yagona raqamli platformasi ishga tushiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Hukumatning «Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 358-son qaroriga muvofiq, platforma 2026-yil 1-oktabrgacha sinov tariqasida, 2027-yil 1-martgacha esa to‘liq amaliyotga joriy etiladi.
Platformada qanday imkoniyatlar bo‘ladi
«E-bozor» platformasi orqali bozorlar va savdo komplekslarining pasporti, manzili, bo‘sh savdo shoxobchalari hamda savdo o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilib boriladi.
Shuningdek, fuqarolar bozorlar va savdo komplekslari faoliyati bo‘yicha ma’lumot olish, bozor ma’muriyatiga elektron murojaat yuborish hamda javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Platforma «Soliq» axborot tizimlari kompleksi tarkibida faoliyat yuritadi.
Bozorlar ustidan nazorat kuchaytiriladi
Qarorga ko‘ra, har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlari biriktiriladi. Ularning faoliyati samaradorligi har kuni tahlil qilib boriladi.
Bundan tashqari, bozorlar hududi va ularga tutash avtoturargohlarda to‘lovlarni yagona QR-kod orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
«Jarima maydonchasi» tizimida ham yangi tartib
2026-yil 1-avgustdan boshlab transport vositalarini saqlash joylaridan chiqarishga ruxsatnoma faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organ hamda ijro organi tomonidan «Jarima maydonchasi» axborot tizimi orqali QR-kod bilan tasdiqlangan holda elektron shaklda beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Tashabbusli budjet»ning ikkinchi mavsumi 15-iyuldan boshlanishi haqida yozgan edik.