O‘zbekistonda ilk Xalqaro islom forumi o‘tkaziladi

7–11-iyul kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li» nomli birinchi Xalqaro islom forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Russia News xabar berdi.
Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) tomonidan tashkil etilmoqda.
Forumda turli mamlakatlardan yetakchi olimlar, din arboblari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, universitetlar, muzeylar, kutubxonalar va gumanitar institutlar vakillari ishtirok etadi. Unda islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, ta’limi, madaniyati, falsafasi, san’ati va ma’naviy merosiga qo‘shgan hissasi muhokama qilinadi.
Shuningdek, sivilizatsiyalararo hamkorlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash masalalari ham kun tartibidan joy oladi.
Dasturda konferensiya va ko‘rgazmalar bor
Forum doirasida yalpi majlislar, xalqaro ilmiy konferensiyalar, dunyoning yetakchi olimlari va din arboblari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Ishtirokchilar Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasiga tashrif buyuradi.
Shuningdek, islom sanʼati, xattotlik va qo‘lyozma merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar ham tashkil etiladi. OAV vakillari uchun matbuot brifinglari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum islom merosini targ‘ib qilishga qaratilgan
Tadbir islom madaniy va ilmiy merosini asrab-avaylash hamda keng targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida tashkil etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil mart oyida Toshkentda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochilgan edi. Ushbu markaz islom dunyosidagi yirik gumanitar va ma’rifiy loyihalardan biri sifatida baholanmoqda.
Shuningdek markaz aprel oyida xalqaro miqyosda eng yirik Islom sivilizatsiyasiga oid muzey sifatida e’tirof etilib, Ginnes rekordlar kitobiga kirdi.