Kuz-qishga tayyorgarlik: 220 ming xonadonning gaz ta’minoti yaxshilanadi

eʼlon qilindi
Uch bosqichli gaz taqsimlash tizimi ikki bosqichli tizimga o‘tkaziladi
220 ming xonadonning gaz ta’minoti yaxshilanadi / Foto: Renew Economy

2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz ta’minoti yaxshilanadi. Shavkat Mirziyoyev sohaga doir axborot bilan tanishdi.

Gaz tarmoqlari ta’mirlanadi

Mavsumga qadar magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometr nuqsonli qismi almashtiriladi. Shuningdek, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregati mukammal ta’mirlanadi.

Bundan tashqari, 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida uch bosqichli gaz taqsimlash tizimi ikki bosqichli tizimga o‘tkaziladi. Shu bilan birga, 711,9 kilometr gaz tarmog‘i hamda 400 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinadi.

Suyultirilgan gaz va yoqilg‘i zaxiralari shakllantiriladi

Kuz-qish mavsumida aholiga 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Shundan 229 ta olis qishloqdagi 104,7 ming iste’molchiga 8,2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkaziladi.

Qish mavsumi uchun yoqilg‘i zaxiralari ham shakllantiriladi. Jumladan, dekabr–yanvar oylariga mo‘ljallab 120 ming tonna avtobenzin zaxirasi yaratiladi. Issiqlik elektr stansiyalariga mavsum davomida 4,1 mln tonna ko‘mir yetkazib berilishi prognoz qilingan.

Energetika tizimi uzluksiz ishlashi nazorat qilinadi

«O‘zbekneftgaz» tizimidagi korxonalarda texnologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida 90 ta texnologik qurilmada ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, respublika va hududiy komissiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish va doimiy nazorat qilish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Samarqandni 2030-yilgacha ekologik barqaror, iqlim o‘zgarishiga moslashgan zamonaviy «yashil shahar»ga aylantirish hamda cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqqan edi.

Shuningdek