Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan chegaradagi nazorat punktida korrupsiya sabab 27 xodimni hibsga oldi

eʼlon qilindi
«Qadamjoy — avtoyo‘l» va «Chashma — avtoyo‘l» nazorat-o‘tkazish punktlarida
Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan chegaradagi nazorat punktida korrupsiya sabab 27 xodimni hibsga oldi
Foto: Akchabar

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik» davlat qo‘mitasi Botken viloyatida O‘zbekiston bilan chegaradosh «Qadamjoy — avtoyo‘l» va «Chashma — avtoyo‘l» nazorat-o‘tkazish punktlarida korrupsiyaga qarshi maxsus operatsiya o‘tkazdi. Natijada turli davlat idoralarida ishlovchi 27 nafar xodim qo‘lga olindi, deya xabar berdi 24.kg nashri.

Ma’lum qilinishicha, 5-iyul oqshomida o‘tkazilgan tadbirda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hamda Alfa maxsus bo‘linmasi ishtirok etgan. Qo‘lga olinganlar orasida chegara, bojxona va veterinariya xizmatlari xodimlari bor. Ular mansab vakolatidan noqonuniy foydalanish va korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.

Tintuv davomida xizmat avtomobilidan 38,5 ming qirg‘iz somi, 5 million 684 ming o‘zbek so‘mi (5 mln 484 ming va qo‘shimcha 200 ming so‘m), shuningdek bojxona xodimlaridan 100 ming som hamda xorijiy valyutadagi mablag‘lar musodara qilingan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, «Chashma — avtoyo‘l» punktida ayrim xodimlarning noqonuniy pul olgani kuzatuv kameralariga ham tushib qolgan. Shuningdek, operatsiya vaqtida ogohlantiruvchi o‘q uzilgani yuzasidan ham tekshiruv olib borilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar 2 ta AK-74 avtomati, 2 ta o‘qdon va 60 dona patronni ham musodara qilgan.

Operatsiya davomida chegara punktlari orqali fuqarolar va transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatilgan. Keyinchalik, soat 23:00 atrofida nazorat-o‘tkazish punktlari yana odatdagi tartibda faoliyatini davom ettirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va Andijonda kadastr bilan bog‘liq korrupsiya holatlari fosh etilgani haqida yozgandi.

Shuningdek