Saudiyaga 100 nafar o‘zbekistonlik shifokor va hamshiralar ishga taklif qilindi

Saudiya Arabistoni dastlabki bosqichda 100 nafar o‘zbekistonlik shifokor va hamshirani xususiy tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu masala O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi vakillari hamda ushbu mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Saudiya Arabistonidagi xususiy shifoxona va tibbiyot markazlarida 4,5 ming nafar xorijiy tibbiyot xodimiga ehtiyoj mavjud. Shu bois ilk bosqichda O‘zbekistondan 100 nafar mutaxassisni ishga jalb etish taklif etildi.
Imtiyozlar
Taklif qilinayotgan shartlarga ko‘ra, ish beruvchi xodimlarning iqomasi(rasmiy yashash va ishlash ruxsatnomasi), turar joyi, ichki transport xarajatlari, tibbiy sug‘urtasi va har yili aviachipta xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi.
Ish haqi
Oylik maoshlar mutaxassisning malakasiga qarab belgilanadi. Yosh shifokorlar 4,5–5,6 ming saudiya riali ($1,2–1,5 ming), tajribali shifokorlar 5,6–9,3 ming riyal ($1,5-2,5 ming), hamshiralar esa 3–3,75 ming riyal ($800-$1000) miqdorida ish haqi olishi mumkin.
Talablar
Talab asosan oilaviy shifokorlar, akusher-ginekologlar, fizioterapevtlar, dermatologlar, bolalar psixologlari va yuz-jag‘ jarrohlari uchun yuqori ekani qayd etildi. Saudiya tomoni, shuningdek, ingliz tilini yaxshi biladigan va kasbiy etikaga rioya qiladigan mutaxassislarga ustuvorlik berilishini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 15 yillik stajga ega tibbiyot xodimlariga uy-joy uchun subsidiya berilishi haqida yozgandi.