“Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumi 15-iyuldan boshlanadi

«Tashabbusli budjet» ning 2026-yilgi ikkinchi mavsumi 15-iyuldan boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 15-iyulidan 3-avgustiga qadar fuqarolar o‘z loyihalarini tizimga kiritishlari mumkin bo‘ladi. Shundan so‘ng, 4–18-avgust kunlari taqdim etilgan loyihalarni saralash bosqichi o‘tkaziladi.
Jarayonning navbatdagi bosqichi sifatida 19–21-avgust kunlari loyihalarni targ‘ib qilish ishlari amalga oshiriladi. An’anaviy ovoz berish esa 22–31-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, 1–10-sentyabr kunlari qo‘shimcha g‘oliblarni e’lon qilish bosqichi tashkil etiladi. An’anaviy ovoz berish yakunlariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan loyihalar esa 1-sentyabr — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bayrami kuni e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilgi «Tashabbusli budjet» 1-mavsumi doirasida 47 ta loyiha qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi bilan g‘olib deb e’lon qilingan edi.