Andijonda 5 nafar egizak dunyoga keldi

eʼlon qilindi
Homilaga muddatidan ilgari tug‘uruq tashxisi qo‘yilib, kesarcha kesish amaliyoti bajarilgan
Andijonda 5 nafar egizak dunyoga keldi
Foto: SSV

Andijon shahrida 5 nafar egizak dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Chaqaloqlar Andijon shahar 2-son tug‘uruq majmuasida tug‘ilgan.

Ma’lum qilinishicha, Andijon shahridagi Qayrag‘ochtosh mahallasida yashovchi Nargiza Bekjonova 6-iyul kuni ko‘p homilalik tashxisi bilan ushbu tibbiyot muassasasiga qabul qilingan.

Unda muddatidan ilgari tug‘uruq tashxisi qo‘yilib, kesarcha kesish amaliyoti bajarilgan. Tug‘uruq jarayoni akusher-ginekolog, neonatolog va reanimatologlar ishtirokida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

Foto: SSV

Birinchi chaqaloq qiz bo‘lib, vazni 1450 grammni tashkil etgan. Ikkinchi chaqaloq o‘g‘il bo‘lib, 1605 gramm vaznda tug‘ilgan. Uchinchi chaqaloq qiz, vazni 1495 gramm. To‘rtinchi chaqaloq o‘g‘il, vazni 1585 gramm. Beshinchi chaqaloq esa qiz bo‘lib, vazni 1205 grammni tashkil etgan.

Ona va chaqaloqlar ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Andijon viloyati filialiga o‘tkazilgan.

Foto: SSV

Ayni paytda ona va 5 nafar chaqaloq shifokorlar nazoratida. Ularning holati yaxshi ekani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda ham Andijonda 4 nafar egizak dunyoga kelgan edi. Ma’lum qilinishicha, tug‘uruq jarayoni filialning akusher-ginekologlari, neonatologlari va reanimatologlari tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Natijada uch nafar o‘g‘il va bir nafar qiz chaqaloq dunyoga kelgan.

Shuningdek