Yangiliklar

Andijonda 5 nafar egizak dunyoga keldi

Homilaga muddatidan ilgari tug‘uruq tashxisi qo‘yilib, kesarcha kesish amaliyoti bajarilgan
Andijonda 5 nafar egizak dunyoga keldi
Foto: SSV

Andijon shahrida 5 nafar egizak dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Chaqaloqlar Andijon shahar 2-son tug‘uruq majmuasida tug‘ilgan.

Ma’lum qilinishicha, Andijon shahridagi Qayrag‘ochtosh mahallasida yashovchi Nargiza Bekjonova 6-iyul kuni ko‘p homilalik tashxisi bilan ushbu tibbiyot muassasasiga qabul qilingan.

Unda muddatidan ilgari tug‘uruq tashxisi qo‘yilib, kesarcha kesish amaliyoti bajarilgan. Tug‘uruq jarayoni akusher-ginekolog, neonatolog va reanimatologlar ishtirokida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

Foto: SSV

Birinchi chaqaloq qiz bo‘lib, vazni 1 450 grammni tashkil etgan. Ikkinchi chaqaloq o‘g‘il bo‘lib, 1 605 gramm vaznda tug‘ilgan. Uchinchi chaqaloq qiz, vazni 1 495 gramm. To‘rtinchi chaqaloq o‘g‘il, vazni 1 585 gramm. Beshinchi chaqaloq esa qiz bo‘lib, vazni 1 205 grammni tashkil etgan.

Ona va chaqaloqlar ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Andijon viloyati filialiga o‘tkazilgan.

Foto: SSV

Ayni paytda ona va 5 nafar chaqaloq shifokorlar nazoratida. Ularning holati yaxshi ekani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda ham Andijonda 4 nafar egizak dunyoga kelgan edi. Ma’lum qilinishicha, tug‘uruq jarayoni filialning akusher-ginekologlari, neonatologlari va reanimatologlari tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Natijada uch nafar o‘g‘il va bir nafar qiz chaqaloq dunyoga kelgan.