
Apple iOS 27’ning yangi beta versiyasida sun’iy intellekt asosidagi Siri uchun ovozni yanada shaxsiylashtirish imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
iOS 27 developer beta 3 versiyasida Siri’ning «Pace» va «Expressivity» funksiyalari ishga tushirildi. Dastlabki beta relizlarida ushbu bo‘limlar «Tez orada» deb belgilangan edi. Endilikda foydalanuvchilar Siri qanday tezlikda gapirishi va uning ovozi qanchalik hissiyotli eshitilishini mustaqil sozlashi mumkin.
Siri yanada tabiiy muloqot qilishga yaqinlashmoqda
Mazkur yangilanish Apple’ning Siri’ni generativ SI asosida qayta ishlab chiqish strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Kompaniya foydalanuvchilarga yordamchi bilan muloqotni yanada tabiiy va shaxsiy qilishni maqsad qilgan. Buning uchun foydalanuvchilar endi erkak yoki ayol ovozini tanlash bilan cheklanmay, turli aksentlarga ega ovozlar orasidan ham tanlov qilishi mumkin.
Shuningdek, maxsus slayderlar yordamida Siri’ning nutq tezligi va inson hissiyotlarini qay darajada ifodalashi sozlanadi. Sozlamalar o‘zgartirilganda Siri «Sizda bitta yangi xabar bor» kabi odatiy jumlalarni aytib, tanlangan parametrlar qanday eshitilishini namoyish etadi.
ChatGPT imkoniyatlari hali ham kengroq
Maqolada qayd etilishicha, OpenAI’ning ChatGPT ovozli rejimi hozircha ovozni shaxsiylashtirish borasida kengroq imkoniyatlarni taklif etadi. 2025-yil dekabr oyidan boshlab foydalanuvchilar sun’iy intellektning samimiyligi, ishtiyoqi, muloqot uslubi va ohangini ham moslashtirishi mumkin. Bu o‘zgarishlar nafaqat ovozda, balki ChatGPT ma’lumotlarni qanday taqdim etishida ham aks etadi.
Siri iPhone tizimiga chuqur integratsiya qilinmoqda
Yangilangan Siri iOS 27 tizimiga yanada chuqur integratsiya qilingan. Foydalanuvchilar yordamchini ovoz orqali, Dynamic Island hududidan pastga surish va matn kiritish orqali, telefonning yon tugmasini bosish yoki yangi mustaqil Siri ilovasi yordamida ishga tushirishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple iPad va MacBook narxlarini ko‘targani, qaysi qurilma qanchaga oshgani haqida yozgan edik.