Belgiya turnir mezboni AQShni musobaqadan chiqarib yubordi

7-iyul 2026 06:59 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: FIFA.com

AQShning Sietl shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati nimchorak finalida Belgiya terma jamoasi mezbonlarni 1:4 hisobida mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi. Uchrashuv qahramoni Sharl de Ketelare o‘z hisobiga dubl va bitta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi.

O‘yin boshidanoq Belgiya terma jamoasi maydonda o‘z ustunligini namoyish etdi. Uchrashuvning 9-daqiqasidayoq Sharl de Ketelare jamoadoshi Nikolas Raskinning uzatmasidan so‘ng hisobni ochib, jamoasini oldinga olib chiqdi.

Foto: FIFA.com

AQSh terma jamoasi tezda o‘ziga kelib, vaziyatni o‘nglashga harakat qildi. 31-daqiqada Malik Tilman hisobni tenglashtirib, uchrashuv intrigasi yana tiklanishiga sababchi bo‘ldi. Biroq mezbonlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi.

Oradan atigi ikki daqiqa o‘tib, 33-daqiqada yana o‘sha Sharl de Ketelare sahnaga chiqdi. Bu safar u Leandro Trossardning uzatmasidan unumli foydalanib, o‘z dublini nishonladi va Belgiyaga muhim ustunlikni qaytarib berdi.

Foto: FIFA.com

Ikkinchi taymda ham belgiyaliklar o‘yin nazoratini o‘z qo‘llarida saqlab qolishdi. 57-daqiqada Xans Vanaken o‘yin qahramoni Sharl de Ketelarening aniq uzatmasidan so‘ng uchinchi golni kiritdi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Romelu Lukaku raqib hatosidan unumli foydalanib hisobni 1:4 ko‘rinishiga olib keldi va uchrashuv taqdirini hal qildi.

Shunday qilib, Belgiya terma jamoasi muhim g‘alabani qo‘lga kiritib, Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli yurishini davom ettirmoqda. Keyingi bosqichda chorak finalda belgiyaliklarni Ispaniya terma jamoasiga qarshi jiddiy sinov kutib turibdi.

Avvalroq Kursiv nashri Ispaniya so‘nggi soniyalarda Portugaliyani mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek