Chevrolet Bolt 2027 elektromobilida kamchilik aniqlandi

7-iyul 2026 08:14 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Bolt 2027 elektromobilida kamchilik aniqlandi
Foto: Chevrolet

General Motors Chevrolet Bolt 2027 elektromobilining ayrim nusxalari uchun servis yangilanishini e’lon qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Muammo AQSh bozoridagi atigi to‘rtta avtomobilga tegishli bo‘lib, rul ustuni va salonning old karkas qismi orasidagi mahkamlagich zavod talabidagi kuch bilan tortilmagan bo‘lishi mumkin.

Service Update N262560510 hujjatiga ko‘ra, dilerlar ushbu mahkamlagichni tekshirishi, uni biroz bo‘shatib, keyin zavod me’yoriga muvofiq 30 Nm kuch bilan qayta tortishi kerak. Ta’mirlash uchun ehtiyot qism almashtirish talab etilmaydi.

Foto: Chevrolet

Nimalar kutilmoqda

Byulleten 2026-yil 25-iyunda chiqarilgan va diler omboridagi avtomobillarga, shuningdek servisga qaytgan mijoz avtomobillariga tatbiq etiladi. Hujjat amal qilish muddati 2028-yil 31-iyulgacha belgilangan. GM dilerlardan avvalo avtomobil ushbu servis yangilanishiga kirish-kirmasligini Investigate Vehicle History tizimi orqali tekshirishni talab qilmoqda.

Servis yangilanishiga tushgan avtomobillar diler omborida bo‘lsa, ular mijozga topshirilishidan, boshqa dilerga berilishidan, auksionga chiqarilishidan yoki test avtomobili sifatida ishlatilishidan oldin tekshirilib, zarur holatda ta’mirlanishi kerak.

Foto: Chevrolet

2027-yilgi Chevrolet Bolt GM’ning yangilangan BEV2 elektromobil platformasida qurilgan. Model old o‘qqa o‘rnatilgan 210 ot kuchiga ega bitta elektromotor bilan harakatlanadi. Elektromobil 65 kVt/soat sig‘imli litiy-temir-fosfat batareya bilan jihozlangan. EPA bahosiga ko‘ra, yangi Bolt bir quvvatda 262 milgacha, ya’ni taxminan 422 km masofa bosib o‘tishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri 2026-yilda Chevrolet Cobalt sotib olish kerak yoki yo‘qligi haqida yozgan edi.

Shuningdek