
UzAuto Motors O‘zbekiston bozorida yangi Chevrolet Suburban High Country yo‘ltanlamasi savdosini rasman boshladi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi Chevrolet Suburban High Country 6,2 litrli V8 atmosferali benzin dvigateli bilan jihozlangan bo‘lib, uning maksimal quvvati 420 ot kuchini tashkil etadi. Avtomobil 10 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi va to‘liq uzatma tizimi bilan ta’minlangan.

Zamonaviy xavfsizlik tizimlari
Yo‘ltanlamas adaptiv pnevmatik osma tizimiga ega. Shuningdek, avtomobil elektron barqarorlik tizimi (ESC), tortish nazorati tizimi (TCS), tormoz kuchini taqsimlash tizimi (EBD), piyodalarni aniqlash, avtomatik tormozlash, harakat yo‘lagida ushlab turish hamda ko‘rinmas nuqtalarni monitoring qilish kabi zamonaviy xavfsizlik funksiyalari bilan jihozlangan.


Keng salon va zamonaviy multimedia
Chevrolet Suburban High Country 17,7 dyuymli rangli multimedia ekrani, proyeksion displey hamda 11 dyuymli raqamli asboblar paneliga ega. Ushbu tizimlar haydovchini avtomobil va yo‘l holati bo‘yicha zarur ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.
Avtomobilning uzunligi 5 748 mm, kengligi 2 058 mm, balandligi 1 934 mm, g‘ildirak bazasi esa 3 407 mmni tashkil etadi. Shu sababli model 7 o‘rinli keng salon va katta hajmli yukxonani taklif etadi. Uchunchi qator o‘rindiqlari ham kattalar uchun qulay bo‘lib, avtomobil katta oilalar, xizmat safarlari va uzoq masofali sayohatlar uchun mo‘ljallangan.

Narxi
UzAuto Motors Chevrolet Suburban High Country uchun tavsiya etilgan chakana narxni 1,485 mlrd so‘m etib belgiladi. Qo‘shimcha ma’lumotlarni kompaniyaning call-markazi, rasmiy sayti hamda Chevrolet’ning rasmiy dilerlik markazlari orqali olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergeli avtomobil bozorida $150 boshlang‘ich to‘lov evaziga qanday Chevrolet avtomobillarini olish mumkinligi haqida yozgan edik.