Sport

Eldor Shomurodov «Istanbul Bashakshehir» klubi bilan shartnomani uzaytirdi

Eldor Shomurodov «Istanbul Bashakshehir» klubi bilan shartnomani uzaytirdi
Foto: Instagram/ Shomurodov

Eldor Shomurodov Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi bilan ikki yillik shartnoma asosida faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Turkiya klubi o‘zbekistonlik hujumchining transfer huquqini sotib oldi. «Istanbul Bashakshehir» matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘tgan mavsumda ijara asosida jamoaga qo‘shilgan Shomurodovning shartnomasidagi majburiy sotib olish bandi kuchga kirgan.

Klub bayonotida Eldor Shomurodovga to‘q sariq-ko‘k libos ostidagi faoliyatida muvaffaqiyat tilangan va kelishuv ham futbolchi, ham jamoa uchun xayrli bo‘lishi qayd etilgan.

Shomurodov haqida

Foto: Instagram

Shomurodov 2021-yil yozida 18 mln yevro evaziga «Jenoa»dan «Roma»ga o‘tgan va Rim klubi bilan 2026-yil 30-iyungacha mo‘ljallangan 5 yillik shartnoma imzolagan edi. U «Roma» safida UEFA Konferensiyalar ligasida «Trabzonspor»ga qarshi o‘yinda debyut qilgan va ilk golini ham shu uchrashuvda kiritgan. Rimdagi dastlabki mavsumida hujumchi 40 ta o‘yinda 5 ta gol urib, «Roma» bilan UEFA Konferensiyalar ligasi g‘olibiga aylangan.

Keyinchalik kam o‘yin amaliyoti sabab Shomurodov Italiyada «Spetsiya» va «Kalyari» klublarida ijara asosida to‘p surdi. Turli davrlarda unga «Galatasaroy» va Moskvaning «Spartak» klublari qiziqish bildirgani aytilgan.

Eldor Shomurodov 2015-yildan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘ynab keladi. U terma jamoadagi debyutini 2015-yil 3-sentabr kuni JCh—2018 saralashi doirasida Yaman terma jamoasiga qarshi o‘yinda o‘tkazgan. Shundan keyin Shomurodov milliy jamoaning asosiy hujumchilaridan biriga aylangan.

Avvalroq «Kursiv» Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov avtomobil bilan taqdirlangani haqida yozgan edi.