O‘zbek alifbosini 28 ta harfga o‘tkazish rejalashtirilmoqda

eʼlon qilindi
O‘zgarishlar soha mutaxassislari tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari asosida ishlab chiqilgan
O‘zbek alifbosini 28 ta harfga o‘tkazish rejalashtirilmoqda
Foto: Ilmlar.uz

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi loyiha ko‘rib chiqildi. Hujjatda amaldagi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasidan iborat alifboni 28 ta harf hamda 1 ta tutuq belgisidan tashkil topgan shaklga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Infografika manbasi: Shokirjonov Telegram-kanali

Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, «Sh» harflar birikmasi o‘rniga «Ş», «Ch» o‘rniga «Ç», «O‘» o‘rniga «Ö», «G‘» o‘rniga esa «Ğ» harfi qo‘llanadi. Alifbodagi qolgan harflar o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Mazkur belgilar o‘zbek yozuvi uchun mutlaqo yangi emas. Ular 1928–1940-yillarda, shuningdek 1993–1995-yillarda amalda bo‘lgan o‘zbek alifbolarida ham ishlatilgan.

Foto: Oliy Majlis

Qonun loyihasida ayrim harflarning qo‘llanishiga ham aniqlik kiritilishi belgilangan. Oliy Majlis ma’lumotiga ko‘ra, bu o‘zgarishlar soha mutaxassislari tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari asosida ishlab chiqilgan.

Muhokamalar davomida yangi alifboni amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning amal qilishi saqlab qolinadi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ramziy belgilari, peshlavhalari, ko‘rsatkichlari hamda boshqa atributlaridan belgilangan muddatgacha foydalanish mumkin bo‘ladi.

Foto: Oliy Majlis

Bunday yondashuv amaldagi hujjatlar, blankalar, peshlavhalar va boshqa moddiy vositalarni birdaniga almashtirish zaruratini bartaraf etishi kutilmoqda. Natijada budjet mablag‘larining asossiz sarflanishining oldi olinadi va alifbodagi o‘zgarishlar moliyaviy jihatdan maqbul tarzda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Avvalroq «Kursiv» Toshkent xalqaro Moliya markazi to‘g‘risidagi qonun takomillashtirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek