Avto

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan har uchinchi avtomobil — Cobalt

2026-yilning yanvar–may oylarida 190,5 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi
Chevrolet Cobalt
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–may oylarida 190,5 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, shundan 69,3 mingtasi Cobalt hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,3 ming donaga oshgan.

Cobalt mamlakatda eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobil bo‘ldi. Uning ulushi jami ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning qariyb 36 foizini tashkil etdi. Bu deyarli har uchinchi yangi avtomobil Cobalt bo‘lganini anglatadi.

Keyingi o‘rinlarda 35,3 ming dona bilan Damas, 18,5 ming dona bilan Tracker va 15,2 ming dona bilan Onix qayd etilgan.

Shuningdek, yanvar–may oylarida 11,1 ming dona KIA, 10,1 ming dona BYD, 4 ming dona Haval va 3,2 ming dona Chery avtomobillari ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari, 23,8 ming dona maxsus yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning yanvar – may oylarida O‘zbekistonda jami 146,3 ming dona avtomobil sotildi. Modellar kesimida Chevrolet Cobalt eng ko‘p sotilgan model bo‘ldi. Hisobot davrida ushbu modeldan 35,2 ming dona sotilgan. Ikkinchi o‘rinni 29,7 ming dona natija bilan Damas egalladi.