O‘zbekistonda yagona tovar tasnifi va milliy navigatsiya tizimi yaratiladi

O‘zbekistonda tovar va xizmatlarni yagona milliy tasniflash tizimini joriy etish, milliy navigatsiya platformasini yaratish hamda startaplar ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident ishtirokidagi taqdimotda ma’lum qilindi.
Yagona tovar tasniflash tizimi joriy etiladi
Qayd etilishicha, bugungi kunda bojxona, soliq, statistika va boshqa davlat idoralari turli klassifikatorlardan foydalanayotgani sababli tadbirkorlar uchun ortiqcha xarajatlar yuzaga kelmoqda, hisobotlar aniqligi pasaymoqda va idoralar o‘rtasida ma’lumot almashish qiyinlashmoqda.
Shu bois yagona milliy tasniflash tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Yangi tizim tadbirkorlar uchun byurokratik jarayonlarni qisqartirish, davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashuvini soddalashtirish hamda statistik ma’lumotlarning aniqligini oshirishga xizmat qiladi.
Milliy navigatsiya tizimi yaratiladi
Taqdimotda, shuningdek, milliy navigatsiya tizimini yaratish tashabbusi ham ilgari surildi. Hozirgi vaqtda ushbu yo‘nalishda, asosan, xorijiy platformalardan foydalanilayotgani qayd etildi. Mahalliy navigatsiya tizimi geoma’lumotlarni yagona standart asosida shakllantirib, transport, logistika, tezkor xizmatlar, shaharsozlik va davlat xizmatlari sifatini oshirishga yordam beradi.
AT eksporti va startaplar rivojlantiriladi
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida 2030-yilgacha AT eksportini $5 milliardga yetkazish, 5 mingta faol startapni yo‘lga qo‘yish hamda $2 milliard investitsiya jalb etish maqsadi belgilandi.
Taqdimotda O‘zbekistonning xalqaro StartupBlink reytingida 31 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimlaridan biri sifatida e’tirof etilgani qayd etildi. Shuningdek, Toshkent Markaziy Osiyodagi eng yaxshi startap shahri deb topildi, Samarqand va Farg‘ona esa ilk bor dunyoning Top – 1000 startap shaharlari ro‘yxatidan joy oldi.
Talent Hub va IT sohasiga yangi imtiyozlar
Bundan tashqari, xorijiy mutaxassislar va investorlarni jalb qilish maqsadida Talent Hub dasturini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Dastur orqali ular masofadan turib korxona ro‘yxatdan o‘tkazishi, bank hisobraqami va xalqaro bank kartasini ochishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, IT Park rezidentlari xodimlari uchun amaldagi soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish, IT Visa va Zero Risk dasturlarini yanada kengaytirish taklif etildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda «E-bozor» yagona raqamli platformasi joriy etilishi haqida yozgandi.