O‘zbekistonning 9 ta aeroporti xalqaro ekologik akkreditatsiyadan o‘tdi

«Uzbekistan Airports» AJ tarkibidagi barcha xalqaro aeroportlar, aeroportlar uchun mo‘ljallangan Airport Carbon Accreditation xalqaro ekologik sertifikatlash dasturiga qo‘shildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Toshkent xalqaro aeroporti uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar evaziga Level 2 akkreditatsiyasini oldi. Bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo aeroportlari orasida muhim mintaqaviy natija sifatida e’tirof etildi.
Yana sakkiz aeroport xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi
Samarqand, Urganch, Namangan, Farg‘ona, Nukus, Termiz, Qarshi va Navoiy xalqaro aeroportlari esa Level 1 darajasidagi akkreditatsiyani qo‘lga kiritdi. Bu ularning operatsion faoliyatidagi uglerod emissiyalari xalqaro talablar asosida o‘lchanib, mustaqil ravishda tasdiqlanganini anglatadi.
Dekarbonizatsiya yo‘lidagi navbatdagi qadam
Airport Carbon Accreditation aeroportlarning uglerod chiqindilarini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan dunyodagi yagona global sertifikatlash dasturi hisoblanadi. Unda London Heathrow, Amsterdam Schiphol, Singapur Changi, Seul Incheon va Tokio Narita kabi yirik aeroportlar ham ishtirok etadi.
Uzbekistan Airports ma’lum qilishicha, kompaniya kelgusida akkreditatsiyaning yanada yuqori bosqichlariga erishish hamda aeroportlar faoliyatining ekologik samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Uzbekistan Airways IPO’da qancha mablag‘ jalb qilishi mumkinligi haqida yozgandi.