Qoraqalpog‘istonda tuzni chuqur qayta ishlash korxonasi quriladi

Pokiston investitsiyasi ishtirokida Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida tuzni chuqur qayta ishlash korxonasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Vazirlar kengashi raisi Farhod Ermanov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Pokistonda bo‘ldi. Tashrif davomida delegatsiya Lahor shahrida Nimir Industrial Chemicals Ltd kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi.
Qo‘ng‘irotda kimyo sanoati korxonasi tashkil etiladi

Uchrashuvda Nimir Industrial Chemicals Ltd ishtirokida Qo‘ng‘irot tumanida tuzni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan zamonaviy kimyo sanoati korxonasini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Loyihani amalga oshirish uchun hududda yetarli xomashyo zaxirasi mavjud ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan ta’minlangan yer maydoni ajratilishi mumkinligi bildirildi.
Pokiston kompaniyasi loyihaga qiziqish bildirdi

Nimir Industrial Chemicals Ltd Pokistonning kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi yirik korxonalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya vakillari Qo‘ng‘irotdagi investitsiya loyihasiga yuqori qiziqish bildirdi.
Ularning ta’kidlashicha, tumanning transport-logistika imkoniyatlari, aeroport va temiryo‘l tarmoqlari bilan bog‘langanligi loyihani amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Investitsiya shartnomasi imzolandi
Uchrashuv yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Nimir Industrial Chemicals Ltd kompaniyasi o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolandi.
Shartnoma hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirishga qaratilgan.
Kompaniya rahbariyati loyihani joyida o‘rganish uchun iyul oyi oxirida Qoraqalpog‘istonga amaliy tashrif bilan kelish istagini ham bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 barobar oshirilishi xabar qilingandi. Yirik loyihalar qatoriga Taxiatosh tumanida modulli intellektual hisoblash markazi, Nukus shahrida avtomobil sanoati uchun texnologik klaster, bazalt tolasi ishlab chiqarish, chiqindilarni kuydirish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, Qorao‘zak tumanida ko‘mirdan oltin ajratish fabrikasi, Taxtako‘pirda paxta tozalash va yigirish fabrikasi, Chimboyda ip-kalava ishlab chiqarish kiradi.