Samsung Galaxy S27 Pro haqida yangi ma’lumotlar

7-iyul 2026 08:24 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samsung Galaxy S27 Pro haqida yangi ma’lumotlar
Samsung Galaxy S27 Pro haqida yangi ma’lumotlar / Foto: Depositphotos

Samsung Galaxy S27 Pro smartfoni ayrim bozorlarda Exynos 2700 platformasi bilan chiqishi mumkin. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.

Koreyaning Money Today nashri ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya yangi flagmanlarida chiplarni hududlar bo‘yicha taqsimlash amaliyotini davom ettiradi.

Manbaga ko‘ra, Galaxy S27 Pro‘ning Yevropa, Osiyo, Avstraliya, Afrika va Lotin Amerikasi uchun mo‘ljallangan versiyalari Exynos 2700 chipi bilan jihozlanadi. AQSh, Kanada va Meksika bozorlaridagi modellar esa Qualcomm platformasini olishi kutilmoqda. Bu chip Snapdragon 8 Elite Gen 6 bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Rasm SI yordamida chizilgan

Exynos 2700 Samsung‘ning 2 nanometrli texnologik jarayonda ishlab chiqariladigan ikkinchi mobil platformasi bo‘lishi kutilmoqda. Chipga yangi Side-by-Side arxitekturasi ham tegishli ekani aytilmoqda. Bunda protsessor va tezkor xotira umumiy Heat Path Block sovitish tizimi ostida yonma-yon joylashadi. Bunday yechim issiqlikni samaraliroq tarqatish va yuqori yuklama ostida barqarorroq ishlashga yordam berishi mumkin.

Yana qaysi modellarda

Exynos 2700 faqat Galaxy S27 Pro‘da emas, balki bazaviy Galaxy S27 va Galaxy S27+ modellarida ham qo‘llanishi mumkin. Galaxy S27 Ultra esa, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, barcha hududlarda Snapdragon chipi bilan taklif etiladigan yagona model bo‘lib qoladi.

Galaxy S27 Pro‘ga Galaxy S27 Ultra’ga yaqin texnik imkoniyatlar berilishi aytilmoqda, biroq u ixchamroq bo‘ladi. Smartfon 6,47 dyuymli ekran bilan jihozlanishi, stilusni qo‘llab-quvvatlamasligi va kichikroq korpus sabab Galaxy S27 Ultra’dan pastroq sig‘imli akkumulyator olishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S27 Pro flagmani qanday batareyada chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek