Shveysariya MB rahbari Toshkentda valyuta kursi orqali narxlarning oʻsishiga qarshi kurashish sirini ochdi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Martin Shlegelning ta’kidlashicha, Shveysariya regulyatori 3,5 foizlik inflyatsiya ko‘rsatkichidan ham mamnun bo‘lmagan
Shveysariya Milliy banki (SNB) boshqaruv raisi Martin Shlegel / Foto: Kursiv Uzbekistan

Oʻzbekiston poytaxtida boʻlib oʻtgan Monetary policy dialogue 2026 xalqaro forumida Shveysariya Milliy banki (SNB) boshqaruv raisi Martin Shlegel inflyatsiyaga qarshi kurash tafsilotlarini ochiqladi. Dunyo markaziy banklari narxlarni foiz stavkalari orqali tushirishga urinayotgan bir paytda, Shveysariya keskin qadam tashladi: importni arzonlashtirish va ichki inflyatsiyani jilovlash uchun 150 milliard dollar (YaIMning qariyb 20 foizi) zaxira valyutasini sotib, frankni mustahkamladi.

Muhokama moderatori, OGResearch kompaniyasining boshqaruvchi hamkori David Vavra pandemiyadan keyingi davrga oid statistik ma’lumotlarni keltirdi. Bu davrda yevrozonadagi inflyatsiya 10 foizdan oshgan, Buyuk Britaniyada 11 foizlik cho‘qqidan o‘tgan, Chexiyada esa 17 foizgacha ko‘tarilgan.

«Bunday sharoitda Shveysariyada inflyatsiya 3,5 foizni tashkil etdi. Bu faqat Shveysariyaning o‘ziga xos mamlakat va xavfsiz boshpana ekani bilan bog‘liqmi yoki buning ortida boshqa omillar ham bormi? Boshqa mamlakatlar Shveysariya tajribasidan nimani o‘rganishi mumkin?» – deya murojaat qildi David Vavra.

OGResearch boshqaruvchi hamkori David Vavra / Foto: Kursiv Uzbekistan

Kutishdan hech qanday foydasi yo‘q

Martin Shlegelning ta’kidlashicha, Shveysariya regulyatori 3,5 foizlik inflyatsiya ko‘rsatkichidan ham mamnun bo‘lmagan. Chunki bu daraja mamlakatda belgilangan 0 – 2 foizlik rasmiy maqsadli ko‘rsatkichdan yuqori edi.

U Shveysariya inqiroz davrini boshqa mamlakatlarga qaraganda nisbatan yengilroq o‘tkazganini ikki omil bilan izohladi. Ulardan birinchisi iqtisodiyotning tarkibiy xususiyatlari bilan bog‘liq. Jumladan, qazib olinadigan yoqilg‘i kabi energiya resurslarining Shveysariya iste’mol narxlari indeksidagi ulushi atigi 3 foizga yaqin. Bu boshqa mamlakatlardagi ko‘rsatkichdan bir necha barobar past.

Shlegelga ko‘ra, markaziy bank ixtiyorida inflyatsiyani jilovlash uchun ikkita asosiy vosita mavjud. Ulardan biri foiz stavkasi bo‘lsa, ikkinchisi valuta kursidir. Shveysariya Milliy banki inflyatsiyani maqsadli darajaga qaytarish uchun har ikkala vositadan faol foydalangan.

Biroq an’anaviy chora – foiz stavkasini rekord darajadagi minus 0,75 foizdan musbat 1,75 foizgacha tez oshirishning o‘zi yetarli bo‘lmagan. Shu sababli SNB misli ko‘rilmagan chorani qo‘llashga qaror qilgan.

«Biz xorijiy valutani sota boshladik. Amalda bu orqali Shveysariya frankining mustahkamlanishiga erishmoqchi edik. Bu borada ham juda qat’iy harakat qildik. Umuman olganda, valuta bozorida $150 mlrdga teng mablag‘ sotdik», – dedi Martin Shlegel Toshkentdagi tadbirda.

Yigʻilgan makroiqtisodchilar operatsiya koʻlamini his qilishlari uchun SNB rahbari inflyatsiyaga qarshi kurashish yoʻlidagi ushbu intervensiyalar hajmi Shveysariya YaIMning qariyb 20 foizini tashkil etganini qoʻshimcha qildi.

Shveysariyadagi iste’mol savatining katta qismi import hisobiga shakllangani sababli frankning mustahkamlanishi narxlarning pasayishiga tez va sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

Shveysariya Milliy banki rahbari oʻz nutqi yakunida rivojlanayotgan davlatlar markaziy banklari uchun Shveysariya tajribasidan kelib chiqadigan asosiy xulosani bildirdi. Uning aytishicha, bunday sharoitda choralarni imkon qadar erta va qat’iy ko‘rish nihoyatda muhim.

«Bunday vaziyatda kutishdan hech qanday foydasi yo‘q. Zero, agar siz kutsangiz, keyingi bosqichda ancha koʻproq harakat qilishingizga toʻgʻri keladi», – deya xulosa qildi Martin Shlegel.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan noaniqlik markaziy banklar uchun doimiy ish muhitga aylangani haqida yozgan edi. Bu haqda Oʻzbekistan MB rahbari Timur Ishmetov Monetary policy dialogue 2026 forumida ma’lum qilgan edi.

Shuningdek