AQSh 3 ta kema hujumidan so‘ng Eronga zarba berdi

AQSh harbiylari Hormuz bo‘g‘ozida uchta tijorat kemasiga hujum qilinganidan so‘ng Eron hududiga kuchli zarbalar berdi. Bu haqda AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lum qildi.
Qo‘mondonlik bayonotida zarbalar Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan uchta tijorat kemasiga qilingan hujumlarga javoban amalga oshirilgani aytilgan. AQSh tomoni Eronning harakatlarini asossiz, xavfli va amaldagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining buzilishi deb baholadi.
Eron ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, mamlakat janubidagi Sirik hududida bir necha portlash ovozi eshitilgan. Ayrim ma’lumotlarda zarbalar harbiy infratuzilma, kuzatuv tizimlari va port obyektlariga qaratilgani qayd etilgan.
Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy AQSh hujumini Islomobodda imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumining birinchi va ikkinchi bandlari qo‘pol ravishda buzilishi deb atadi. Tehron Vashingtonni kelishuv shartlariga rioya qilmaslikda aybladi.
Avvalroq Eron harbiylari Hormuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga kamida ikkita raketa uchirgani xabar qilingan edi. Hujumlardan birida suyultirilgan tabiiy gaz tashuvchi tankerga zarar yetgan, kema ekipaji esa evakuatsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ali Xomanaiyning uch nafar o‘g‘li otasining dafn marosimida qatnashgani haqida yozgan edi.