
Chevrolet Suburban High Country 2026 modeli O‘zbekiston bozorida olti xil rangda taklif etilmoqda. Ular marvaridsimon oq (uch qatlamli), to‘q kulrang metallik, qora, yorqin qizil (tint qoplamali), kumushsimon kulrang metallik hamda ko‘l moviy metallik.


Narxi va texnik ko‘rsatkichlari
Yangi Chevrolet Suburban High Country 2026 narxi 1 485 100 so‘m etib belgilangan. Model 6,2 litrli atmosfera V8 dvigatel, 420 ot kuchi, 10 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. O‘rtacha yoqilg‘i sarfi 100 kilometrga 16,8 litrni tashkil etadi.
Avtomobilning yukxona hajmi o‘rindiqlar holatiga qarab 1 175 litrdan 4 092 litrgacha kengayadi. Model 7 o‘rinli salon va 106 litrli yoqilg‘i baki bilan taqdim etilgan.


Premium qulaylik va multimedia tizimi
Avtomobil perforatsiyalangan charm o‘rindiqlar, haqiqiy yog‘och bezaklar, uch zonali iqlim nazorati, panoramali lyuk, simsiz quvvatlash qurilmasi hamda elektr sozlanadigan old o‘rindiqlar bilan jihozlangan.
Multimedia tizimi 17,7 dyuymli sensorli ekran, 11 dyuymli raqamli asboblar paneli, proyeksion HUD-displey, Apple CarPlay, Android Auto, Bluetooth va 10 ta dinamikdan iborat Bose audio tizimini o‘z ichiga oladi. Orqa qatordagi yo‘lovchilar uchun ikkita 12,6 dyuymli ekran ham taqdim etilgan.


Xavfsizlik tizimlari kengaytirildi
Modelda 7 ta havo yostig‘i, 360 darajali panoramali kamera, avtomatik favqulodda tormozlash tizimi, piyodalarni aniqlash, frontal to‘qnashuv haqida ogohlantirish, yo‘l qatorida ushlab turish tizimi, ko‘r burchak monitoringi, old va orqa parking datchiklari, adaptiv kruiz-nazorat hamda qiyalikda harakatlanishga yordam tizimi mavjud.
Shuningdek, avtomobil ABS, ESC, TSA va EBD elektron xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan.


Onlayn xarid qilish mumkinmi
UzAuto Motors yangi modelni rasmiy Chevrolet dilerlari orqali ham, onlayn xarid qilish xizmati orqali ham taklif qilmoqda. Kompaniya avtomobilning texnik xususiyatlari, jihozlari va narxlari vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkinligini, yakuniy ma’lumotlarni esa rasmiy dilerlardan olish tavsiya etilishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Tracker avtomobili haqida siz bilmagan faktlarni yozgan edik.