Muborakda Nexia-2 gaz balloni yorilib, bir kishi halok bo‘ldi

8-iyul kuni Muborak tumanida Nexia-2 avtomobiliga o‘rnatilgan metan gaz balloni yorildi. Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga ko‘ra, hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi jarohatlandi.
Voqea soat 07:32 da «Quruvchilar» mahallasi hududidan o‘tgan A-380 Qarshi–Buxoro avtomobil yo‘lining 128-kilometrida sodir bo‘lgan. Avtomobil Qarshi shahridan Buxoro viloyati tomon harakatlanayotgan bo‘lgan.
Gaz balloni yorilishi oqibatida avtomobilda bo‘lgan bir fuqaro voqea joyida vafot etgan. Yana ikki kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan Muborak tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Hodisa vaqtida yong‘in kelib chiqmagan. Ayni paytda holat yuzasidan Muborak tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatining Nurota tumanida Matiz’da 14 nafar bolani olib ketayotgan haydovchi avariya oqibatida vafot etgandi. Aniqlanishicha, haydovchi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari sifatida faoliyat yuritgan. Bolalarning yengil avtomobilda qoidalarga zid tarzda tashilgani, shuningdek, bu holatga ota-onalar tomonidan yetarli e’tibor berilmagani qayd etilmoqda.