Orolqumni o‘rganayotgan yosh olim xalqaro grant yutdi

O‘zbekistonlik yosh olim Azamat Sultamuratov Orolqum hududini o‘rganishga qaratilgan ilmiy loyihasi bilan xalqaro grant tanlovida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar berdi.
International Association for Vegetation Science tashkilotining Osiyo bo‘limi tomonidan 2026 Asian Regional Section Small Project grant tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda jami 32 nafar tadqiqotchi o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi. Ulardan faqat 7 nafari g‘olib deb topildi.
G‘oliblar qatoridan Fanlar akademiyasi Botanika institutining birinchi bosqich tayanch doktoranti Azamat Sultamuratov ham joy oldi.
Orolqumdagi o‘simliklar o‘rganiladi
Yosh olimning loyihasi Orol dengizining qurigan tubida hosil bo‘lgan Orolqum hududidagi o‘simlik qoplamini o‘rganishga qaratilgan.
Tadqiqot davomida sho‘rlanish va qurg‘oqchilik kuchayishi natijasida o‘simliklar tarkibi hamda ularning funksional tuzilishida yuz berayotgan o‘zgarishlar tahlil qilinadi.
Tadqiqot xalqaro miqyosda taqdim etiladi
Mazkur grant Osiyo mintaqasida vegetatsiya ilmi yo‘nalishidagi istiqbolli tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratiladi.
Loyiha doirasida olingan ilmiy natijalar IAVS Annual Bulletin nashrida e’lon qilinadi. Shuningdek, tadqiqot natijalari xalqaro ilmiy hamjamiyatga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Orolbo‘yida 670 dan ortiq yo‘rg‘a tuvaloqlar tabiatga qo‘yib yuborilgandi. Qushlarni tabiatga qo‘yib yuborish jarayoni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari mutaxassislari, xalqaro ekspertlar, CITES ma’muriy organi vakillari hamda «Falcon Hunting Solutions» MChJ xodimlari nazoratida amalga oshirildi.