Ozarbayjon elchisi O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini yakunladi

eʼlon qilindi
Elchi O‘zbekistonda 14 yil davomida faoliyat olib bordi
Ozarbayjon elchisi O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini yakunladi / Foto: Telegram

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Husayn Guliyevni qabul qildi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram sahifasida xabar berdi.

Uchrashuvda elchining O‘zbekistondagi 14 yillik faoliyati davomida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi alohida e’tirof etildi. Shuningdek, Husayn Guliyev nafaqat Ozarbayjonning munosib vakili, balki diplomatik korpus duayeni sifatida ham yuksak hurmat qozongani qayd etildi.

Baxtiyor Saidov elchining O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik hamda birodarlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari mamlakatimizda munosib baholanganini ta’kidladi. Xususan, uning «Do‘stlik» va «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan taqdirlangani ko‘p yillik samarali faoliyatining e’tirofi ekani qayd etildi.

Foto: Telegram

Uchrashuv yakunida Husayn Guliyevga O‘zbekiston–Ozarbayjon hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi fidokorona mehnati uchun minnatdorlik bildirilib, unga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilandi.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Husayn Guliyevni qabul qilib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun uni «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jazoirning O‘zbekistondagi yangi elchisi Jamila Ashur o‘z diplomatik faoliyatini rasman boshlagani haqida yozgan edik.

Shuningdek