O‘zbekiston va Belarus prezidentlari norasmiy uchrashuv o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko Minsk shahrida norasmiy uchrashuv o‘tkazdilar. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda Belarus yetakchisi Mirziyoyevni samimiy qutlab, rasmiy tashrif bilan kelgani uchun minnatdorlik bildirdi. Prezidentlar bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Suhbat chog‘ida tashrif arafasida o‘tkazilgan tadbirlar ham muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston va Belarus ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etgan Hududlararo forum yakunlari yuqori baholandi.
Tomonlar mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Minskda qanday kutib olingani haqida xabar bergan edik.