O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinishi mumkin

O‘zbekistonda soliq keshbeki tizimi bekor qilinishi, uning o‘rniga esa yangi rag‘batlantirish mexanizmi joriy etilishi mumkin. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti ekspertlari 1 foizlik soliq keshbeki tizimidan bosqichma-bosqich voz kechishni taklif qildi.
Keshbek o‘rniga davlat lotereyasi
Uning o‘rniga xarid cheki olgan fuqarolar o‘rtasida avtomobil va boshqa qimmatbaho sovg‘alar yutuqli davlat lotereyalari orqali o‘ynaladigan tizimni joriy etish tavsiya etilmoqda.

Budjet xarajatlari oshmoqda
Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda 1 foizlik soliq keshbekini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 820 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. 2026-yilda esa bu ko‘rsatkich 1,8 trln so‘mgacha yetishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, 2026-yil may oyida fuqarolarga to‘langan barcha keshbek mablag‘larining 10,7 foizi atigi 10 ta yirik savdo tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri kelgani qayd etilgan.

Yangi tizim 20 baravar tejamkor bo‘lishi mumkin
Ekspertlar sun’iy intellekt, Big Data, onlayn nazorat-kassa mashinalari va elektron hisobvaraq-fakturalar keng joriy etilgan sharoitda ommaviy keshbek tizimining samaradorligini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlamoqda.
Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, riskga asoslangan nazorat va maqsadli rag‘batlantirish mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish orqali budjet xarajatlarini qariyb 20 baravargacha qisqartirish mumkin.
Fiskal tahlillar institutining tahliliy maqolasida soliq keshbeki mexanizmining amaldagi samaradorligi, xalqaro tajriba hamda uni zamonaviy raqamli soliq ma’murchiligi talablariga mos ravishda takomillashtirish bo‘yicha takliflar keltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda «E-bozor» yagona raqamli platformasi joriy etilishi haqida yozgan edik.