Qurol topshirganlarga mukofot puli, harbiylarning oshirilgan ijara to‘lovi, Eron neftiga sanksiyalar — 8-iyul kungi yangiliklar dayjesti

«Surxon» davlat qo‘riqxonasida ilk bor jayronlar ko‘rinish berdi
«Surxon» davlat qo‘riqxonasida tashkil etilganidan buyon ilk marta jayronlar kuzatildi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, qo‘riqxona hududiga Turkmanistondan 10 bosh jayron ko‘chib o‘tgan.

AQSh Eron neftiga sanksiyalarni qaytardi, Brent 5 foizga oshdi
AQSh Moliya vazirligi Eron neftini eksport qilishga imkon bergan vaqtinchalik sanksiya yengilligini bekor qildi. Qaror Hormuz bo‘g‘ozida bir nechta tankerga hujum qilinganidan keyin qabul qilindi.

Kimning imtihoni qachon: abituriyentlarga ruxsatnoma berish boshlandi
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish ruxsatnomasini yuklab olishi mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.

Serbiyada qolib ketgan o‘zbekistonlikka aviachipta olib berildi
Serbiyada og‘ir moddiy ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosiga vatanga qaytish uchun amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Uzum logistika infratuzilmasiga 500 mln dollardan ortiq sarmoya kiritdi
Milliy raqamli ekotizim Uzum O‘zbekiston iqtisodiyotini raqamlashtirish va elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida bugungacha $500 mlndan ortiq investitsiya kiritganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Kim haq: haydovchi hujjatlarini telefonda ko‘rsatsa bo‘ladimi
Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilik guvohnomasi va transport vositasiga oid boshqa hujjatlarni MyGov mobil ilovasi orqali ko‘rsatish mumkinligi haqidagi xabarlar muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchi yo‘l-patrul xizmati xodimiga tegishli hujjatlarning aslini taqdim etishi kerakligini bildirdi.

20,6 million so‘mgacha: o‘qotar qurollarni ixtiyoriy topshirganlar qancha pul mukofoti oladi
Hukumat tomonidan ro‘yxatga olinmagan qurol va unga tegishli xavfli ashyolarni ixtiyoriy topshirish tartibi hamda rag‘batlantirish mexanizmi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Toshkent va Samarqandda harbiy xizmatchilar ijara puli 25 foizga oshiriladi
2026-yil 8-iyuldan Toshkent va Samarqand shaharlarida yashovchi harbiy xizmatchilarga beriladigan ijara kompensatsiyasi 25 foizga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.