Bolalarga zo‘ravonlik qilgan pedagoglarga bog‘chada ishlash taqiqlanadi

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik sodir etgan pedagoglar bir yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlay olmaydi. Bu norma Senat tomonidan ma’qullangan yangi qonunda belgilandi.
Bolalar huquqlarini himoya qiluvchi yangi normalar joriy etiladi
«Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qonun bilan 6 ta kodeks va 13 ta qonun hujjatiga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda. Hujjat bolalar huquqlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Xususan, ta’lim muassasalarida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik ishlatish, ularni kamsitish yoki sha’nini tahqirlash uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Zo‘ravon pedagoglarga bir yilga cheklov
Yangi tartibga ko‘ra, pedagogik faoliyati davomida bolalarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagog sifatida ishlay olmaydi.
Senatorlar ta’kidlashicha, mazkur cheklov bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va bunday qilmishlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qiladi.
Xususiy bog‘chadagi holat misol qilib keltirildi
Muhokamalar davomida Toshkentning Uchtepa tumanidagi xususiy bog‘chada yuz bergan holat eslatib o‘tildi. Unda tarbiyachilar bolalarga tazyiq o‘tkazgani, yig‘layotgan bolaning og‘ziga mato tiqqani aks etgan videolar jamoatchilik e’tiboriga tushgandi.
Shuningdek, ushbu bog‘cha tarbiyachilaridan biri avval ham bolaga tan jarohati yetkazgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa-da, faoliyatini davom ettirgani qayd etildi.
Aliment va vasiylikka oid o‘zgarishlar ham kiritildi
Qonunda davlat yoki nodavlat muassasasining to‘liq ta’minotida bo‘lgan bola uchun ota yoki onani aliment to‘lash majburiyatidan ozod qilish mumkin emasligi ham belgilangan.
Bundan tashqari, yetim bolalar hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyaga berishda, avvalo, ularning yaqin qarindoshlariga ustuvorlik berilishi nazarda tutilgan.
Senatga ko‘ra, yangi qonun bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish hamda ta’lim muassasalarida ularning xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimi qanday ishlashi haqida yozgandi.