Chilonzor yo‘nalishida 41 yillik eski metro poyezdi buzilib qoldi

eʼlon qilindi
Oqibatda poyezdlar harakatida taxminan 8 daqiqalik uzilish kuzatildi
Chilonzor yo‘nalishida 41 yillik eski metro poyezdi buzilib qoldi / Foto: Facebook

Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishida texnik nosozlik sabab poyezdlar harakatida qisqa muddatli uzilish kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda holat aks etgan videolar tarqaldi.

Joriy yilning 9-iyul kuni soat taxminan 20:02 da Chilonzor yo‘nalishining «Xalqlar do‘stligi» va «Paxtakor» metro bekatlari oralig‘ida harakatlanayotgan 1985-yilda ishlab chiqarilgan eski turdagi 16-sonli harakat tarkibida texnik nosozlik aniqlandi.

Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida amaldagi yo‘riqnoma talablariga muvofiq, yo‘lovchilar belgilangan tartibda xavfsiz tarzda poyezddan tushirildi. Shundan so‘ng nosoz harakat tarkibi ortdan kelayotgan poyezdga tirkalib, texnik ko‘rik yo‘lagiga olib ketildi.

Mazkur holat tufayli Chilonzor yo‘nalishida poyezdlar harakatida taxminan 8 daqiqalik uzilish kuzatildi. Hozirda esa metropolitenning barcha yo‘nalishlarida poyezdlar belgilangan harakat jadvali asosida qatnovni davom ettirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Metrodagi Uklon aksiyasi ruxsatsiz deb topilib, bannerlar olib tashlangan edi.

Shuningdek