Cobalt, Nexia 3 va Onix’da 200 ming kmni qimmat ta’mirlarsiz bosib o‘tish mumkinmi

Chevrolet Cobalt, Nexia 3 va Onix O‘zbekistondagi eng ommabop avtomobillar qatoriga kiradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu avtomobillarning xizmat muddati ishlab chiqaruvchidan ko‘ra ko‘proq egasining ularga qanday munosabatda bo‘lishiga bog‘liq. To‘g‘ri ekspluatatsiya va muntazam texnik xizmat ko‘rsatish orqali ular 200 ming kilometr va undan ortiq masofani jiddiy nosozliklarsiz bosib o‘tishi mumkin.
100 ming kilometrdan keyin nimalarga e’tibor berish kerak

Avtomobillarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassis Kamil Sulaymonovning aytishicha, Cobalt va Nexia 3’da 100 ming kilometrdan keyin asosan osma tizim, sovitish tizimi, turli datchiklar hamda dvigatelning ayrim agregatlarida eskirish kuzatiladi.
Bu bosqichda stabilizator tortqilari, amortizatorlar, g‘ildirak podshipniklari va rul boshqaruvi elementlarini tekshirish hamda zarurat bo‘lsa almashtirish tavsiya etiladi.
Onix egalari esa turbinali dvigatel, sifatli yoqilg‘i va motor moyiga alohida e’tibor qaratishi, elektron tizimlarni muntazam diagnostika qildirishi kerak.
Eng ko‘p uchraydigan xatolar
Mutaxassis qimmat ta’mirlarning asosiy sababi zavod nuqsonlari emas, balki avtomobil egalarining xatolari ekanini aytadi.

Eng keng tarqalgan xatolar:
- motor moyini o‘z vaqtida almashtirmaslik;
- sifatsiz ehtiyot qismlar va sarf materiallaridan foydalanish;
- keskin tezlanish va tormozlanish;
- qishda dvigatelni umuman qizdirmasdan harakatni boshlash.
Shuningdek, avtomatik uzatmalar qutisi moyini almashtirmaslik ham jiddiy nosozliklarga olib kelishi mumkin. Mutaxassisning hisobicha, mexanik uzatmalar qutisini ta’mirlash taxminan 3 mln so‘m, avtomat uzatmalar qutisini ta’mirlash esa 8 mln so‘mga tushishi mumkin.
Texnik xizmat qachon bajarilishi kerak
Mutaxassis O‘zbekistonning iqlim sharoitini hisobga olib, quyidagi intervalni tavsiya qiladi:
- motor moyi va moy filtri — har 7–8 ming km;
- havo filtri — har 10–15 ming km;
- salon filtri — har 10 ming km;
- shamlar — har 30–40 ming km;
- avtomat uzatmalar qutisi moyi — har 40–60 ming km;
- mexanik uzatmalar qutisi moyi — har 60–80 ming km;
- sovitish suyuqligi — har 2–3 yilda.
Dvigatelni qizdirish kerakmi
Sulaymonovning fikricha, dvigatelni uzoq vaqt qizdirish shart emas. Avtomobilni ishga tushirgandan so‘ng 30–60 soniya kutish kifoya. Shundan keyin keskin tezlanishlarsiz harakatni boshlash va dvigatel ish haroratiga yetguncha ehtiyotkorlik bilan haydash tavsiya etiladi.
Qaysi ehtiyot qismlardan tejamaslik kerak

Mutaxassis quyidagi qismlar va suyuqliklarni arzon analoglariga almashtirmaslikni tavsiya etadi:
- motor moyi;
- moy va havo filtrlari;
- o‘t oldirish shamchalari;
- tormoz kolodkalari;
- sovitish suyuqligi;
- remen va roliklar.
Uning ta’kidlashicha, aynan shu qismlardagi tejamkorlik keyinchalik dvigatel, transmissiya yoki sovitish tizimining qimmat ta’miriga sabab bo‘lishi mumkin.
200 ming kilometrdan ortiq xizmat qilishi mumkin
Mutaxassisning aytishicha, 80–100 ming kilometrdan keyin avtomobil nosozlik alomatlarini bermayotgan bo‘lsa ham, to‘liq texnik diagnostikadan o‘tkazilishi maqsadga muvofiq.
Dvigatel kompressiyasi, sovitish va tormoz tizimi, osma, rul boshqaruvi hamda transmissiyani tekshirish, barcha texnik suyuqliklarni yangilash kelajakdagi yirik nosozliklarning oldini oladi.
Kamil Sulaymonovning fikricha, sifatli texnik xizmat, original sarf materiallari va ehtiyotkor haydash uslubi Cobalt, Nexia 3 hamda Onix’ga 200 ming kilometr va undan ham ko‘proq masofani jiddiy nosozliklarsiz bosib o‘tish imkonini beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Cobalt’ni eski avtomobil evaziga 7 yilga foizsiz xarid qilish taklif etilgani haqida yozgandi.