Jahongir O‘rozov «Borussiya»ga qanchalik yaqin — tafsilotlar

9-iyul 2026 07:35 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Jahongir O‘rozov «Borussiya»ga qanchalik yaqin — tafsilotlar
Foto: Instagram/ O‘rozov

Samarqandning «Dinamo» klubi himoyachisi Jahongir O‘rozov tez orada «Borussiya» klubiga o‘tishi bilan bog‘liq ma’lumotlar tarqaldi. Kursiv Uzbekistan «Dinamo» matbuot kotibi Usmon Ibodov bilan bog‘landi.

Ibodovga ko‘ra, O‘rozov 11-iyuldan jamoaning Samarqanddagi mashg‘ulotlariga qo‘shiladi. Hozircha futbolchi bo‘yicha klubga rasmiy taklif yoki xat kelib tushmagan.

«Ko‘pchilik hozir Jahongir O‘rozovning «Borussiya»ga o‘tishi mumkinligi haqida gapirmoqda. Futbolchining «Dinamo» bilan 2027-yil oxirigacha amaldagi shartnomasi bor. U 11-iyuldan Samarqanddagi mashg‘ulotlarga qo‘shiladi», — dedi Ibodov.

Foto: Instagram/ O‘rozov

Klub vakilining ta’kidlashicha, «Dinamo» futbolchining transferi bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganidan xabardor. Biroq hozirgacha xorijiy klublardan rasmiy murojaat tushmagan.

«Muzokaralarni uning agenti olib bormoqda. Klubda bu haqda ma’lumot bor, ammo hozircha bizda rasmiy xat yoki aniq taklif mavjud emas», — dedi matbuot kotibi.

Kontekst

Foto: Instagram/ O‘rozov

Avvalroq «Dinamo» rahbariyati O‘rozov bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirib, futbolchining tovon pulini $1 mln etib belgilagan edi.

Uning agenti Shahriyor Eshboyev Qozonning «Rubin» klubidan tushgan taklif rad etilganini, bunga himoyachining faoliyatini Yevropada davom ettirish istagi sabab bo‘lganini aytgandi. Agentga ko‘ra, futbolchiga Italiya, Germaniya, Turkiya va Niderlandiya klublari ham qiziqish bildirgan.

Foto: Instagram/ O‘rozov

O‘rozov 2004-yil 18-yanvarda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. U «Bunyodkor» tarbiyalanuvchisi bo‘lib, 2023-yilda Turkiyaning «Eyupspor» klubiga o‘tgan va Turkiya kubogida bitta uchrashuv o‘tkazgan. O‘zbekistonga qaytgach, Samarqand «Dinamo»sining asosiy futbolchilaridan biriga aylandi.

Transfermarkt O‘rozovning bozor qiymatini 600 ming yevroga baholamoqda. Himoyachi O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida oltita uchrashuv o‘tkazib, bitta gol urgan. U 2026-yilgi jahon chempionatida ham ikki o‘yinda maydonga tushgan.

Avvalroq «Kursiv» Jahongir O‘rozovga Germaniyaning «Borussiya Myunxengladbax» klubi qiziqish bildirayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek