Minskda O‘zbekiston Savdo uyi faoliyat boshladi

eʼlon qilindi
Minsk shahridagi G‘oliblar prospekti, 63V manzilida joylashgan
Minskda O‘zbekiston Savdo uyi faoliyat boshladi
Foto: Savdo-sanoat palatasi

Belarus poytaxti Minsk shahrida O‘zbekiston Savdo uyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Loyiha Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston va Belarus Savdo-sanoat palatalari hamkorligida amalga oshirildi.

O‘zbekiston mahsulotlari doimiy namoyish etiladi

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Minsk shahridagi G‘oliblar prospekti, 63V manzilida joylashgan Savdo uyi 261,3 kvadrat metr maydonni egallaydi. Bu yerda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar doimiy ko‘rgazma asosida taqdim etilib, Belarus xaridorlariga ulgurji narxlarda taklif etiladi.

Ekspozitsiyadan elektrotexnika, maishiy texnika, to‘qimachilik mahsulotlari hamda boshqa eksportbop tovarlar o‘rin olgan.

Savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish maqsadi qo‘yilgan

Ochilish marosimida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Belarus Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov hamda Belarus Savdo-sanoat palatasi raisi Mixail Myatlikov ishtirok etdi.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Tadbirda ta’kidlanishicha, bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi qariyb $1 mlrdga yetgan. Endilikda ushbu ko‘rsatkichni $2 mlrdga oshirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.

Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar

Savdo uyi o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Belarus bozoriga chiqishini osonlashtirish, yangi xaridorlar topish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish hamda qo‘shma investitsiya va ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Qayd etilishicha, mazkur loyiha O‘zbekiston va Belarus Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy natijasi hisoblanadi. Joriy yil fevral oyida Belarus delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davomida qariyb $110 mlnlik shartnoma va kelishuvlar imzolangan edi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Uzbekistan Berlinda O‘zbekiston savdo uyi ochilgani haqida yozgandi.

Shuningdek