Murodjon Ahmadaliyev haqida siz bilmagan 5 ta fakt

9-iyul 2026 16:46 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Murodjon Ahmadaliyev haqida qiziqarli 5 ta fakt
Foto: Instagram/ Ahmadaliyev

Murodjon Ahmadaliyev O‘zbekiston boksi tarixidagi eng yorqin sportchilardan biri hisoblanadi. U havaskor boksda jahon chempionati kumushi va Olimpiada bronzasini qo‘lga kiritgan, professional ringda esa O‘zbekiston tarixidagi ilk birlashtirilgan jahon chempioniga aylangan. Uning sportdagi yo‘li tasodifiy tanlov, og‘ir bolalik, jiddiy jarohat va katta g‘alabalarga boy. Maqolada sportchi qiziqarli ma’lumotlar jamlandi.

Boksga uni futbol olib kelgan

Foto: Instagram/ Ahmadaliyev

Ahmadaliyev bolaligida futbolga qattiq qiziqqan. U braziliyalik mashhur yarim himoyachi Kaka sharafiga qo‘yilgan laqab bilan yurardi va vaqtining katta qismini futbol maydonida o‘tkazardi.

Uning boksga kirib kelishi esa tasodifan yuz bergan. Ahmadaliyev bir kuni maydonga kelmay qolgan do‘stini izlab, boks zaliga boradi. Dastlab u yerga shunchaki sherigiga ergashib kirgan bo‘lsa-da, tez orada bu sport o‘ziga mos ekanini tushunadi.

U ilk janglaridan biridayoq raqibini nokdaun holatiga tushirgan. Ahmadaliyevning aytishicha, yoshlar o‘rtasidagi faoliyati davomida u yuzdan ortiq nokaut qayd etgan. Bu uning kuchli zarbaga asoslangan uslubi juda erta shakllanganini ko‘rsatadi.

To‘qqiz yoshidan oilasiga yordam berib ishlagan

Foto: Instagram/ Ahmadaliyev

Sportchining bolaligi ko‘plab professional sportchilarnikidan ancha og‘ir kechgan. Ahmadaliyev to‘qqiz yoshidan boshlab oilasiga yordam berish uchun turli ishlarda mehnat qilgan.

Yoz oylarida u mahalliy istirohat bog‘ida ishlagan. Uning vazifasi tashrif buyuruvchilar uchun suratlarni imkon qadar tez tayyorlash edi. Buning uchun u kun davomida uzoq masofalarga yugurishga majbur bo‘lgan.

U juda kam haq olgan va sport uchun kerakli oyoq kiyimini sotib olish maqsadida bir necha hafta davomida pul jamg‘argan. Keyinchalik sportchi aynan shu davr unga sabr, chidamlilik va mehnatsevarlikni o‘rgatganini aytgan.

Avtohalokatdan keyin ham boksga qaytgan

Foto: Instagram/ Ahmadaliyev

Ahmadaliyevning hayotidagi eng keskin voqealardan biri ishga ketayotgan paytida yuz bergan. Uni avtomobil urib yuborgan va natijada ikkala oyog‘i singan.

Shifokorlar uning yana odatdagidek yurishi qiyin bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Shunga qaramay, Ahmadaliyev sportni tashlab qo‘ymagan. Jarohatdan keyin bir necha oy o‘tib, ota-onasi va shifokorlardan yashirin ravishda mashg‘ulotlarga qaytgan.

U ish kunidan keyin uyiga kelib, onasi bergan non va suvni iste’mol qilgan, so‘ng yashirincha zalga yo‘l olgan. Xorijiy nashrlarda uning aynan shu hayotiy epizodi ko‘p tilga olinadi. Chunki bu voqea sportchining ichki intizomi va maqsadidan qaytmas xarakterini yaqqol ifodalaydi.

Ilk jahon chempionligini professional ringda qo‘lga kiritgan

Foto: Instagram/ Ahmadaliyev

Ahmadaliyev havaskor boksda katta natijalarga erishgan. U 2015-yilda Doha shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medal, 2016-yilgi Rio Olimpiadasida esa bronza medalini qo‘lga kiritgan.

Biroq u havaskorlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘la olmagan. Sportchi keyinchalik professional ringda Daniel Roman ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng, bu uning faoliyatidagi ilk haqiqiy jahon chempionligi ekanini tan olgan.

Ko‘plab mashhur bokschilar avval havaskorlar o‘rtasida jahon yoki Olimpiada chempioniga aylanib, keyinchalik professional ringda yuqori cho‘qqiga chiqadi. Ahmadaliyevning yo‘li esa boshqacha kechgan: u havaskor boksda elita darajasidagi medallarni jamlagan, ammo eng yirik unvonni professional faoliyatida qo‘lga kiritgan.

Uch yuzdan ortiq havaskor jang o‘tkazgan

Foto: Instagram/ Ahmadaliyev

Ahmadaliyev o‘zining havaskorlik faoliyatida 300 dan ortiq jang o‘tkazganini aytgan. Shulardan qariyb 200 tasi O‘zbekistondan tashqarida, kamida 30 ta davlatda bo‘lib o‘tgan.

Bunday katta xalqaro tajriba uni turli uslubdagi raqiblarga qarshi jang qilishga tayyorlagan. U faqat o‘z uyida natija ko‘rsatadigan bokschi emas, balki xorijda ham bosim ostida kurasha oladigan sportchi sifatida shakllangan.

Professional faoliyatidagi ko‘plab muhim janglar ham O‘zbekistondan tashqarida o‘tkazilgan. Shu bois xalqaro matbuot uni «safardagi jangchi», ya’ni raqib hududida ham o‘zini yo‘qotmaydigan bokschi sifatida ta’riflaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Murodjon Ahmadaliyev Abbosbek Fayzullayev to‘yidan rasm joylagani haqida yozgan edi.

Shuningdek