Lifestyle

O‘zbekistonda film olgan xorijiy kinokompaniyalar xarajati qoplab beriladi

Bitta film uchun qaytariladigan mablag‘ 4 mlrd so‘mdan oshmaydi
O‘zbekistonda film olgan xorijiy kinokompaniyalar xarajati qoplab beriladi / Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda film suratga oladigan xorijiy kinokompaniyalarga 25 foizgacha xarajat qoplab beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Hukumat qarori bilan «Xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekiston hududida o‘z filmlarini yaratish bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismini qaytarish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Nizom O‘zbekistonda film suratga oladigan xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlarning bir qismini qaytarish («rebate») tartibini belgilaydi.

Unga ko‘ra, xarajatlar summasi 3 mlrd so‘mgacha bo‘lsa 10 foiz, 3 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mgacha bo‘lsa 15 foiz, 5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha bo‘lsa 20 foiz, 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lsa esa 25 foiz miqdorida qoplab beriladi. Bunda bitta film uchun qaytariladigan mablag‘ 4 mlrd so‘mdan oshmaydi.

«Rebate» dasturida ishtirok etish uchun talabgor belgilangan platforma orqali elektron ariza yuboradi. O‘zbekistondagi suratga olish ishlari yakunlangach, amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar 60 kun ichida platformaga yuklanishi lozim.

Komissiya xarajatlarning «rebate» dasturi talablariga muvofiqligi bo‘yicha xulosani 15 ish kuni ichida tayyorlaydi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, xarajatlarning qoplanadigan qismi 5 ish kuni ichida xorijiy kinokompaniyaning hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq my.gov.uz orqali xalqaro sertifikat olgan buxgalterlarga kompensatsiya to‘lanishi haqida yozgan edik.