Lifestyle

Rasman: Sadriddin Hasanov va Sayfiddin Sodiqov Portugaliyaning «Braga» klubiga o‘tdi

Klub skautlari ularni Qatarda o‘tkazilgan U-17 Jahon chempionatida kuzatgan
Rasman: Sadriddin Hasanov va Sayfiddin Sodiqov Portugaliyaning «Braga» klubiga o‘tdi / Foto: «Braga»

O‘zbekiston U-20 terma jamoasi a’zolari Sadriddin Hasanov va Sayfiddin Sodiqov Portugaliyaning «Braga» klubi futbolchisiga aylandi. Bu haqda klub rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Foto: «Braga»
Foto: «Braga»

Sodiqov: «Bu faoliyatimdagi muhim qadam»

Sayfiddin Sodiqovning ta’kidlashicha, «Braga» kabi klub safida to‘p surish uning uchun alohida ahamiyatga ega.

«Bu men uchun muhim lahza. «Braga» kabi klubning bir qismi bo‘lganimdan juda xursandman. Bu faoliyatimdagi muhim qadam va Yevropada O‘zbekiston sharafini himoya qilish imkoniyatidir. Futbolchi sifatida o‘sishda davom etish va o‘z salohiyatimni to‘liq namoyish etishni maqsad qilganman. Buning uchun har kuni ko‘p mehnat qilish, fidoyilik va sadoqat zarurligini yaxshi tushunaman», — dedi futbolchi.

Foto: «Braga»
Foto: «Braga»

Hasanov: «Jamoaga g‘alaba qozonishga yordam bermoqchiman»

«Braga» safiga qo‘shilgan Sadriddin Hasanov ham klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida ushbu transferni faoliyatidagi muhim bosqich deb atadi.

«Braga katta tarixga ega va dunyoga mashhur klub. Bu men uchun faoliyatimdagi juda muhim qadam hamda o‘zimni yanada yuqori darajada sinab ko‘rish imkoniyatidir. Yevropada O‘zbekiston sharafini himoya qilish men uchun katta mas’uliyat. Doim shu haqda orzu qilganman. Maqsadim doimiy ravishda rivojlanish, jamoaga g‘alaba qozonishda yordam berish va yangi chempionatga imkon qadar tez moslashishdir. Har kuni astoydil mehnat qilish kerakligini yaxshi bilaman va jamoadoshlarim bilan birgalikda muvaffaqiyatli mavsum o‘tkazishni istayman», — dedi Hasanov.

Foto: O‘FA

Transfer tafsilotlari

Ma’lumki, futbolchilarning «Braga»ga o‘tishi bo‘yicha kelishuv avvalroq erishilgan edi. Klub skautlari ularni Qatarda o‘tkazilgan U-17 Jahon chempionatida kuzatgan, shundan so‘ng Sadriddin Hasanov va Sayfiddin Sodiqov 2025-yil dekabr oyida «Braga»ning U-23 jamoasida ikki haftalik ko‘rikdan o‘tgan.

Ma’lumot uchun, Hasanov uchun 250 ming yevro, Sodiqov uchun esa 300 ming yevro to‘lanishi ko‘zda tutilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahongir O‘rozov «Borussiya»ga qanchalik yaqinligi haqida yozgan edik.