Rossiyada mehnat migrantlarining oilalariga yangi talablar joriy etildi

Rossiya Davlat dumasi mehnat migrantlarining mamlakatda qolish tartibini ularning oila daromadlariga bog‘lovchi qonunni qabul qildi. Bu haqda The Insider xabar berdi.
Shuningdek, migrantlarning voyaga yetgan farzandlari endilikda ishlash uchun alohida patent rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi.
Oila daromadi asosiy mezonga aylanadi
Yangi tartibga ko‘ra, mehnat migranti oila a’zolarining Rossiyada yashash huquqi endilikda oilaning moliyaviy ta’minotiga qarab baholanadi. Hukumat bu orqali ijtimoiy yuklamani kamaytirish va migratsiya tizimini tartibga solishni maqsad qilgan.
Voyaga yetgan farzandlar alohida patent oladi
Qonunga muvofiq, mehnat migrantlarining 18 yoshga to‘lgan farzandlari ota-onasining hujjatlari asosida ishlay olmaydi. Ular Rossiyada mehnat faoliyatini davom ettirish uchun mustaqil ravishda mehnat patenti rasmiylashtirishi lozim bo‘ladi.
Mazkur o‘zgartirishlar xorijlik fuqarolarning mehnat faoliyatini yanada qat’iy nazorat qilish hamda ularning mamlakatda bo‘lishi uchun moliyaviy mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.
Qonunning kuchga kirish muddati va uni amaliyotga tatbiq etish tartibi tegishli normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada migrantlar uchun davlat bojlari keskin oshirilishi mumkinligi haqida yozgandi.