Sport

Abbosbek Fayzullayev Abduqodir Husanovga osh yedirdi — video

Abbosbek Fayzullayev Abduqodir Husanovga osh yedirdi — video
Manba: Instagram/ Manba: @bugunsportrasmiy

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev nikoh to‘yida o‘zbek futbolining yana bir taniqli vakili Abduqodir Husanov ham qatnashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan lavhalarda kuyov Fayzullayev terma jamoadagi safdoshi Husanovga o‘z qo‘li bilan osh yedirgani aks etgan.

Ushbu samimiy holat muxlislarning e’tiborini tortdi. O‘zbek to‘ylarida kuyovning yaqin do‘sti yoki qadrdon insoniga osh tutishi hurmat va yaqinlik ifodasi sifatida qabul qilinadi. Fayzullayev va Husanov nafaqat milliy terma jamoada birga to‘p suradi, balki maydon tashqarisida ham yaxshi munosabatda ekani mazkur lavhada ko‘ringan.

Futbolchiga yaqin manbalarning Kursiv’ga ma’lum qilishicha, Fayzullayevning tanlagan qaylig‘i 21 yoshli Nisobonu bo‘lib, u Namangan viloyati Chust tumanidagi Varzik qishlog‘ida tug‘ilgan.

Futbolchilar haqida

Abbosbek Fayzullayev 2003-yil 3-oktabrda tug‘ilgan. Hujumkor yarim himoyachi professional faoliyatini Toshkentning «Paxtakor» klubida boshlagan. Keyinchalik u Moskvaning SSKA jamoasida o‘ynab, Rossiya kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi. 2025-yilda esa Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubiga o‘tdi. U yangi jamoasida hujumlarni tashkil etish, qanotlarda harakatlanish va sheriklariga golli vaziyatlar yaratish vazifalarini bajarib kelmoqda.

Foto: O‘FA

Abduqodir Husanov esa O‘zbekiston terma jamoasi himoya chizig‘ining asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi. U Fransiyaning «Lans» klubidagi ishonchli o‘yinlari orqali Yevropa futbolida tanildi. 2025-yil yanvarida Angliyaning «Manchester Siti» klubiga transfer qilinib, ushbu jamoa tarixidagi ilk o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi. Markaziy himoyachi tezligi, yakkama-yakka kurashlardagi qat’iyligi va to‘p bilan ishonchli muomala qilishi bilan ajralib turadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husanov Fayzullayevning to‘yida suratkashlik qilgani haqida yozgan edi.