Abbosbek Fayzullayev kimlarni sog‘inayotganini aytdi

10-iyul 2026 09:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Abbosbek Fayzullayev kimlarni sog‘inmoqda
Manba: Instagram

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev Moskvaning «SSKA» klubidagi sobiq jamoadoshlaridan qo‘llab-quvvatlov olganini va Rossiya jamoasini sog‘inayotganini ma’lum qildi.

Fayzullayev JCh-2026 guruh bosqichida Kolumbiyaga qarshi uchrashuvda O‘zbekistonning jahon chempionatlari tarixidagi ilk golini urgan edi. Mazkur bahs 1:3 hisobida yakunlangan. Futbolchining aytishicha, tarixiy goldan keyin «SSKA»dagi sobiq jamoadoshlari unga yozib, tabrik yo‘llagan.

«Ko‘plab futbolchilar yozdi. Lukin, Kislyak, Glebov va Moyzes gol bilan tabrikladi», — degan Fayzullayev «Chempionat» nashriga bergan intervyusida.

Foto: Instagram/ Fayzullayev

Jurnalistning «SSKA»ni sog‘inyapsizmi, degan savoliga u: «Albatta», deya javob bergan.

Abbosbek Fayzullayev hozirda Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi sharafini himoya qilmoqda. U avval «SSKA» tarkibida to‘p tepgan va Rossiya klubidagi o‘yinlari orqali keng tanilgan.

O‘zbekiston terma jamoasi JCH-2026 guruh bosqichidagi uchala uchrashuvda ham mag‘lub bo‘lib, turnirni 2:11 to‘plar nisbatida yakunladi. Shunga qaramay, Fayzullayevning Kolumbiyaga urgan goli mamlakat futboli tarixidan joy oldi.

Foto: Instagram/ Fayzullayev

Fayzullayevning «SSKA»dagi faoliyati

2025-yilda Rossiya chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi va Rossiya kubogi g‘olibiga aylandi. Bundan tashqari, Rossiya Superkubogida 2023-yilda kumush, 2025-yilda esa oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Foto: Instagram/ Fayzullayev

2024/25-yilgi mavsumda Fayzullayev SSKA tarkibida Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi bahslarida muntazam maydonga tushdi. U «Zenit», «Spartak», «Dinamo», «Lokomotiv», «Krasnodar», «Rubin», «Rostov», «Axmat» va boshqa klublarga qarshi o‘yinlarda ishtirok etdi.

Mavsumning eng muhim uchrashuvlaridan biri 2025-yil 1-iyun kuni Rossiya kubogi finalida «Rostov»ga qarshi kechdi. Asosiy vaqtda 0:0 hisobi qayd etilgan bahsda SSKA penaltilar seriyasida 4:3 hisobida g‘alaba qozondi. Fayzullayev uchrashuvning 73-daqiqasida maydonga tushdi va jamoasi bilan mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi.

Avvalroq «Kursiv» Abbosbek Fayzullayev kimga uylanayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek