
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Angliyaning «Manchester Siti» klubi himoyachisi Abduqodir Husanov 2026-yilgi jahon chempionati yakunlangach, sobiq ustozi, belaruslik mutaxassis Anatoliy Yurevich bilan uchrashishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda futbolchining agenti Gayrat Hasbiullin «Sport-Ekspress» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Husanov professional faoliyatining dastlabki bosqichida unga katta yordam bergan murabbiyga hamon minnatdor.
«Fransiya va Angliyagacha yetib borgan yo‘l o‘zbekistonlik futbolchi uchun noyob, biroq katta iste’dod egasi uchun tushunarli. Belarus va u yerdagi unchalik mashhur bo‘lmagan klub bu yo‘lda qanday paydo bo‘ldi? Gap shundaki, u yerda bosh murabbiy Anatoliy Yurevich edi. U Abduqodir bilan katta ish olib bordi va unga juda ko‘p narsa berdi. Husanov hanuzgacha undan minnatdor», — degan Hasbiullin.

Futbolchi haqida
Abduqodir Husanov Toshkentning «Bunyodkor» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq u klubning asosiy jamoasi safida rasmiy o‘yin o‘tkazmagan. 2022-yilda, 17 yoshida himoyachi Belarusning «Energetik-BGU» klubiga ko‘chib o‘tib, aynan Anatoliy Yurevich qo‘l ostida faoliyatini davom ettirgan.

Husanovning Belarusdagi o‘yinlari Yevropa klublari e’tiborini tortdi. 2023-yil yozida Fransiyaning «Lans» klubi uni 450 ming yevroga transfer qildi. 2025-yil yanvarida esa «Manchester Siti» futbolchini 40 mln yevroga sotib oldi.
Mazkur transfer o‘zbekistonlik futbolchi uchun tarixiy natija bo‘lib, mamlakat futboli tarixidagi eng qimmat kelishuvga aylandi. Husanovning Belarusdan Fransiya, undan esa Angliya Premer-ligasigacha bo‘lgan yo‘lida Anatoliy Yurevich bilan ishlagan davri muhim bosqichlardan biri sifatida qayd etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Husanov Fayzullayevning to‘yida suratkashlik qilgani haqida yozgan edi.