AQSh va Eron yana zarba almashdi: yangi inqiroz xavfi kuchaydi

AQSh va Eron avval e’lon qilingan sulhga qaramay, yana o‘zaro zarba almashdi. Vashington Eron hududidagi harbiy obyektlarga hujum qilganini bildirgan bo‘lsa, Tehron AQShning Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Iordaniyadagi harbiy infratuzilmasini nishonga oldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
AQSh 90 ga yaqin harbiy obyektga zarba berdi
AQSh Markaziy qo‘mondonligi Eron hududidagi qariyb 90 ta harbiy nishonga zarba berilganini ma’lum qildi. Havo hujumidan mudofaa tizimlari, qirg‘oq razvedka vositalari, raketa va dron omborlari asosiy nishon bo‘lgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp operatsiyani Eronning Hormuz bo‘g‘ozida uchta tijorat kemasiga hujumiga javob deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jangovar harakatlarni vaqtincha to‘xtatish haqidagi kelishuv amalda o‘z kuchini yo‘qotgan.
Amerika zarbalaridan keyin Eron janubidagi Bushehr, Konarak, Chogadak va Bandar-Abbos hududlarida portlashlar qayd etildi. Eron davlat OAVlari 8–9-iyul kungi hujumlarda 14 kishi halok bo‘lgani, 78 kishi jarohatlanganini bildirdi. Fars agentligiga ko‘ra, zarbalardan biri Rossiya va Xitoy bilan savdoda foydalaniladigan temiryo‘l ko‘prigiga ham tekkan.

Eron mintaqadagi AQSh obyektlariga javob qaytardi
Tehron AQSh operatsiyasidan bir necha soat o‘tib, Quvaytdagi Patriot tizimlari, Qatardagi erta ogohlantirish punkti, Bahrayndagi yonilg‘i ombori va Iordaniyaning Azraq harbiy bazasiga zarbalar berilganini ma’lum qildi.
Quvayt havo mudofaasi bitta qanotli raketa, uchta ballistik raketa va o‘nta dronni urib tushirganini bildirdi. Bir kishi parchalardan jarohatlangan. Iordaniyada esa sakkizta raketa tutib qolingani aytildi.
Keskinlik Ali Xomanaiyning Mashhaddagi dafn marosimi yakunlangan kun bilan bir paytga to‘g‘ri keldi. Marosimda o‘n minglab odam qatnashdi va AQShga qarshi shiorlar yangradi.
Hormuz bo‘g‘ozi yana asosiy xavf nuqtasiga aylandi
Mojaroning markazida dunyo neft savdosining eng muhim yo‘laklaridan biri bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozi turibdi. Urushgacha bu yo‘nalish orqali jahon neft yetkazib berishining qariyb 20 foizi o‘tgan.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi kemalar harakati urushgacha bo‘lgan darajaning yarmigacha tiklanganini, biroq faqat Tehron bilan kelishilgan yo‘nalishlardan foydalanayotgan kemalarga ruxsat berilayotganini bildirdi. Eron parlamenti raisi Muhammad Boqir Qolibof bo‘g‘oz faqat Tehron shartlari asosida ochilishini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Eron neftiga sanksiyalarni qaytargani haqida yozgan edi.