O‘zbekistonda ehtiyojmand fuqarolarni aniqlashning yangi tartibi joriy etiladi

Oliy Majlis Senati tomonidan ehtiyojmand fuqarolar va oilalarni aniqlash, ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda bu tizimni yagona huquqiy asosda tartibga solishni nazarda tutuvchi qonun ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun yangilangan Konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy davlat tamoyilini amalda ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ijtimoiy xizmatlar tizimini yagona huquqiy asosda tartibga solishga qaratilgan.
Milliy agentlikning vakolatlari kengaytiriladi
Qonunga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy ish sohasidagi maxsus vakolatli organ etib belgilanadi. Agentlik ehtiyojmand shaxs va oilalarni aniqlash, ularga xizmat va yordam ko‘rsatishni tashkil etish, davlat siyosatini amalga oshirish hamda qonunchilik ijrosini nazorat qiladi.
Ijtimoiy xizmatlar uch bosqichga bo‘linadi
Hujjatga muvofiq, ijtimoiy xizmatlar birlamchi, ixtisoslashgan va yuqori ixtisoslashgan darajalarga ajratiladi. Xizmatlar fuqaroning yashash joyida, mahallasida, ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalarda, zarurat tug‘ilganda esa internet orqali ham ko‘rsatilishi mumkin.
Ehtiyojmand fuqarolar qanday aniqlanadi
Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs va oilalar ularning daromadi, yashash sharoiti, bandligi hamda boshqa ijtimoiy ko‘rsatkichlari tahlili asosida aniqlanadi. Bunda fuqarolarning murojaatlari, davlat organlari, OAV va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar ham inobatga olinadi. Odatda xizmatlar fuqaroning murojaati va roziligi bilan ko‘rsatiladi, biroq kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda rozilik talab etilmaydi.
Qaysi hollarda ijtimoiy xizmatlar to‘xtatiladi
Qonunda ijtimoiy xizmatlarni tugatish asoslari ham belgilangan. Xususan, fuqaro og‘ir ijtimoiy vaziyatdan chiqqanda, xizmatdan voz kechganda, ijtimoiy shartnoma shartlarini buzganida, doimiy yashash uchun chet elga ko‘chib ketganida, vafot etganida, yolg‘on ma’lumot taqdim etgani aniqlanganda yoki ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanganda xizmatlar to‘xtatiladi.
Moliyalashtirish va ijtimoiy xodimlar maqomi
Ijtimoiy xizmatlar davlat budjeti, budjetdan tashqari mablag‘lar, xizmatlardan olingan daromadlar, homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, hujjatda ijtimoiy xodimlarning huquq va majburiyatlari, maqomi, mehnatiga haq to‘lash tartibi va faoliyatiga oid cheklovlar ham batafsil belgilangan.
Senat ta’kidlashicha, yangi qonun ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, ehtiyojmand aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan kengroq qamrab olish va ularning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ehtiyojmand oilalar uchun gaz va elektr kompensatsiyasi oshirilishi haqida yozgandi.