Shavkat Mirziyoyev XXR raisiga hamdardlik bildirdi

eʼlon qilindi
Guansi-Chjuan avtonom rayonida yuz bergan suv toshqinlari hamda Futszyan provinsiyasidagi kuchli yong‘in tufayli
Shavkat Mirziyoyev XXR raisiga hamdardlik bildirdi
Foto: Getty Images

Shavkat Mirziyoyev Guansi-Chjuan avtonom rayonida yuz bergan suv toshqinlari hamda Futszyan provinsiyasidagi kuchli yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga hamdardlik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tabiiy ofatlar katta talafot keltirdi

Hamdardlik maktubida Guansi-Chjuan avtonom rayonidagi suv toshqinlari va Futszyan provinsiyasidagi yirik yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar hayotdan ko‘z yumgani, ko‘plab fuqarolar jarohat olgani hamda katta moddiy zarar yetgani qayd etilgan.

Qurbonlar yaqinlariga hamdardlik bildirildi

Mirziyoyev halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildirib, ularga sabr-toqat tiladi. Shuningdek, jarohat olganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tilab, Xitoy xalqiga hamdardlik va qo‘llab-quvvatlash so‘zlarini yo‘lladi.

Xitoydagi poyabzal fabrikasida yong‘in: kamida 28 kishi halok bo‘ldi

Xitoyning janubi-sharqidagi Futszyan provinsasida joylashgan poyabzal fabrikasida yuz bergan yirik yong‘in oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘ldi. Hodisa Jinjiang shahridagi Huiteng Footwear korxonasida sodir bo‘lgan.

Jinjiang shahri Xitoyning «poyabzal poytaxti» sifatida tanilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha ishlab chiqariladigan sport poyabzallarining qariyb 20 foizi aynan ushbu shaharda tayyorlanadi.

200 dan ortiq odam evakuatsiya qilindi

Yong‘in mahalliy vaqt bilan 9-iyul kuni soat 12:00 atrofida boshlangan. Voqea joyiga yuzlab qutqaruvchilar jalb etilgan va 200 nafardan ortiq xodim xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Hozircha jarohatlanganlar soni rasman ma’lum qilinmagan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in fabrikaning birinchi qavatida yuzaga kelgan. Aynan shu qavatda tez alangalanuvchi materiallar saqlangani aytilmoqda. Hodisa sabablari yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fransiyaning janubidagi nazoratdan chiqqan o‘rmon yong‘ini 10 mingdan ortiq odamlarning evakuatsiya qilinishiga sabab bo‘lgani haqida yozgandi.

Shuningdek