Ispaniya Belgiyadan ustun kelib, yarim finalga yo‘llanma oldi

11-iyul 2026 02:00 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: FIFA.com

Jahon chempionatining chorak finalida Ispaniya va Belgiya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Uchrashuvda ispanlar 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi.

O‘yinda hisobni ispanlar ochishga muvaffaq bo‘ldi. 30-daqiqada Dani Olmo darvozaga xavfli zarba yo‘lladi, belgiyaliklar posboni Kurtua qaytargan to‘pni esa Fabian Ruis golga aylantirib, jamoasini oldinga olib chiqdi — 1:0.

Foto: FIFA.com

Biroq, belgiyaliklar tanaffusga qadar muvozanatni tiklashga erishdilar. 41-daqiqada Timoti Kastan qanotdan to‘pni jarima maydonchasiga uzatdi. AQShga qarshi uchrashuvda dubl qayd etgan Sharl de Ketelare boshi bilan zarba yo‘llab, muvozanatni tikladi — 1:1.

Foto: FIFA.com

Asosiy vaqt tugashiga 2 daqiqa qolganda Ispaniya g‘alabani ilib ketdi. Markaziy himoyachi Pau Kubarsi uzoq masofadan kuchli zarba yo‘llagandan keyin, darvozabon to‘pni ushlab qola olmadi. Qaytgan to‘pni esa Mikel Merino golga aylantirib uchrashuvdagi yakuniy hisobni o‘rnatdi —2:1.

Ispaniya terma jamoasi endi yarim finalda Fransiya bilan kuch sinashadi. Eslatib o‘tamiz, chorak finalning boshqa bir uchrashuvida fransuzlar Marokash terma jamoasini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.

Shuningdek