Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalari bo‘yicha Markaziy bank pozitsiyasiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi bank siri va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi P2P-o‘tkazmalarni monitoring qilish yuzasidan Markaziy bankning so‘zlariga javob qaytardi.
Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, banklar bilan axborot almashinuvi qonun doirasida, xususan, bank siri va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida bank operatsiyalari va hisobvaraqlar siri kafolatlangan.
«Bank siri to‘g‘risida»gi qonun hamda Soliq kodeksida bank mijozlariga oid soliq ma’lumotlarini taqdim etish majburiyati nazarda tutilgan. Shunga qaramay, qo‘mita ta’kidlashicha, P2P-o‘tkazmalar fuqarolarning shaxsiy operatsiyalari bo‘lib, ular ommaviy nazoratga olinmaydi va avtomatik ravishda soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, taklif etilayotgan loyihaning asosiy maqsadi banklar bilan hamkorlikni xalqaro standartlarga mos va xavfsiz shaklda tashkil etishdir. Loyihaning jamoatchilik muhokamasi yakunlangan bo‘lib, kelib tushgan barcha takliflar, jumladan, Markaziy bankning qarashi o‘rganilgach, yakuniy xulosalar chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev Kursiv Uzbekistanga bergan izohida yirik miqdordagi P2P-o‘tkazmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish Konstitutsiyaning 41-moddasiga zid kelishini aytib o‘tgan edi.