Toshkentdagi kuyindi hidi sababiga rasmiy izoh berildi

eʼlon qilindi
Maishiy chiqindilar poligonida tabiiy yong‘in yuz bergan
Toshkentdagi kuyindi hidi sababiga rasmiy izoh berildi / Foto: Ekoqo‘mita

Ijtimoiy tarmoqlarda Yashnobod, Bektemir, Yakkasaroy, Shayxontohur tumanlari hamda poytaxtning markaziy qismida kuygan hid va tutun sezilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Kuyindi hidi qayerdan kelgan

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahri hokimligi tasarrufidagi Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan «Maxsustrans» qattiq maishiy chiqindilar poligonida tabiiy yong‘in yuz bergan. Hozirda vaziyat to‘liq nazorat ostiga olingan, yong‘in bartaraf etilgan. Poligonda rekultivatsiya va tuproq bilan qoplash ishlari olib borilmoqda.

Hidning shaharga tarqalishiga sabab nima

Qo‘mita mutaxassislarining ta’kidlashicha, kun davomida poligondagi ochiq alangalar o‘chirilgan bo‘lsa-da, chiqindilarning ayrim qismlarida ichki tutash, ya’ni cho‘g‘lanish davom etgan. Shu sabab havoga tutun va mayda zarrachalar ajralishi to‘xtamagan.

Kechga qadar Toshkentda deyarli shamol kuzatilmagan. Biroq soat taxminan 19:00 dan keyin shamol keskin kuchayib, janubi-sharq tomondan, ya’ni poligon joylashgan hududdan poytaxt tomon esa boshlagan. Natijada tutun massalari va mayda aerozol zarrachalari shahar tomonga ko‘chgan.

Havo sifati ko‘rsatkichlari ham o‘zgargan

Aynan shu vaqtda havo sifati monitoringi stansiyalari PM₂.₅ va PM₁₀ mayda dispers zarrachalari konsentratsiyasi oshganini qayd etgan. Shaharning turli hududlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar ham tutun va kuyindi hidini sezganliklarini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda jazirama sabab bog‘chalar bir necha kunga yopilgani haqida yozgan edik.

Shuningdek