
Futbolchi Abbosbek Fayzullayevdan video, P2P haqida bahsli qonun, qora metallurgiya bozoridagi isloh — kun yangiliklari Kursiv Uzbekistan nashrining dayjestida.
Qora metallurgiya bozorini nazorat qiluvchi loyiha ofisi tuziladi

O‘zbekistonda qora metallurgiya sanoatida sog‘lom raqobat va narx barqarorligini ta’minlash uchun Hukumat huzurida alohida loyiha ofisi tashkil etiladi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, ofis metall mahsulotlari bozorini har kuni tahlil qilib, qora metall aylanmasini raqamli nazoratga oladi.
Loyiha ofisi bozorni kunlik tahlil qiladi
Yangi tuzilma qora metallurgiya sohasidagi talab va taklifni kuzatadi, xomashyo hamda tayyor mahsulotlar bozoridagi vaziyatni muntazam tahlil qiladi.
Shuningdek, mahsulot sifati, kelib chiqishi, fizik va kimyoviy tarkibi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan raqamli pasport yuritiladi.
Husanov izidan: Behruz Karimov uchun qanday takliflar bor

O‘zbekiston terma jamoasi va «Surxon» klubi futbolchisi Behruz Karimov faoliyatini Yevropada davom ettirishi mumkin. Bu haqda agenti Gayrat Xasbiullin intervyusida ma’lum qildi.
Agentning aytishicha, 18 yoshli futbolchiga Rossiya Premer-ligasining kuchli oltiligiga kiruvchi bir nechta klub qiziqish bildirgan. Biroq Karimovning asosiy maqsadi Rossiyaga emas, Yevropa futboliga yo‘l olish hisoblanadi.
«Rossiyaning kuchli oltilik jamoalari u bo‘yicha biz bilan bog‘lanishdi. Biz ularning qiziqishini hurmat bilan qabul qilishimizni, ammo futbolchi Yevropa klublari safida o‘ynashni istashini aytdik. Hozir muzokaralar faol davom etmoqda», — degan Xasbiullin.
Izmir va Toshkent o‘rtasida muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yiladi

Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi 2026-yil 1-avgustdan Izmir–Toshkent–Izmir yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Reyslar haftasiga to‘rt marta amalga oshiriladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Yangi yo‘nalishda 189 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737-800 samolyotlari qatnaydi. Bu Toshkent va Izmir o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviaqatnov bo‘ladi.
O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna po‘lat list ishlab chiqaruvchi majmua ishga tushirildi

O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna po‘lat list ishlab chiqarish quvvatiga ega O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasi ishga tushirildi. Marosimda Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.
Yangi quvvat ishga tushirilishi natijasida yiliga 1 mln tonna yoki 8 trln so‘mlik issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqariladi. Bu Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining prokat listlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini beradi. Loyiha doirasida 1,2 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Qozog‘istonda gaz bilan ta’minlash darajasi 64 foizdan oshdi

Qozog‘istonda aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash darajasi 2026-yil boshiga kelib 64 foizdan oshdi. Ranking.kz ma’lumotiga ko‘ra, 2016-yilda bu ko‘rsatkich 43 foizni tashkil etgan, ya’ni so‘nggi o‘n yil ichida gazlashtirish darajasi 21 foiz punktga ko‘tarilgan.
Hozirda mamlakatning 20,5 mln aholisidan 13 mln nafardan ortig‘i tabiiy gazdan foydalanish imkoniyatiga ega. Bundan 10 – 15 yil avval gaz ta’minoti, asosan, yirik uglevodorod konlari joylashgan g‘arbiy hududlarda mavjud bo‘lgan, boshqa mintaqalarda esa aholi isinish uchun ko‘mir, o‘tin va boshqa yoqilg‘ilardan foydalangan.
Urgut tumani prokurori o‘rinbosari pora bilan ushlandi

Samarqand viloyatining Urgut tumani prokurori o‘rinbosarining korrupsion harakatlari fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mansabdor shaxs Pastdarg‘om tumani prokuraturasida ishlagan davrida xizmat mavqeyidan foydalanib, mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi oqibatida davlatga yetkazilgan 2 mlrd 887 mln so‘mlik zararni 805,9 mln so‘mgacha kamaytirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u vositachilar orqali $6,5 ming hamda 35 mln so‘m pora olgani aytilmoqda.
Issiq kunlarda bog‘chalarga ta’til berish hozircha rejalashtirilmagan — MMTV

Avvalroq O‘zbekiston hududida 13 – 17-iyul kunlari anomal issiq kuzatilishi haqida xabar e’lon qilingan edi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ushbu davr mobaynida bog‘chalar qanday faoliyat yuritishi to‘g‘risida izoh berdi.
Unga ko‘ra, ayni paytda faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 13-iyuldan 18-iyulgacha vaqtincha to‘xtatiladi.
Abduqodir Husanov yana «Siti» diqqat markazida

«Manchester Siti» klubi 2026-yilgi Osiyo safari oldidan jamoa tarixida to‘p surgan osiyolik futbolchilar haqida material e’lon qildi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov ham bor.
Klub Husanovni tezligi, jismoniy kuchi va himoyadagi aqlli harakatlari bilan muxlislar mehrini qozongan futbolchi sifatida ta’rifladi. «Siti» matbuot xizmati 2025-yil yanvarida jamoaga qo‘shilgan o‘zbekistonlik himoyachi mavsum o‘rtasida kelganiga qaramay, qisqa vaqt ichida asosiy tarkib uchun muhim variantga aylanganini qayd etdi.
Abbosbek Fayzullayev nikoh to‘yidan keyin ko‘rinish berdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev nikoh to‘yidan keyin mashg‘ulotlar zalida ko‘rinishi berdi. Sportchi videoni Instagramda joylagan.
Videoda ko‘rish mumkinki, Fayzullayev faol sport bilan shug‘ullanmoqda. Uning nikoh to‘yiga atigi 2 kun bo‘ldi.
Bank kartangizdagi pulni soliq organlari kuzatadimi? Muhokamadagi loyihada nimalar nazarda tutilmoqda

O‘zbekistonda banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari hamda omonatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibini belgilovchi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat banklar va Soliq qo‘mitasi o‘rtasidagi axborot almashinuvini avtomatlashtirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda soliq ma’murchiligini raqamlashtirishni nazarda tutadi.
Mazkur tashabbus iqtisodchilar, bank sohasi vakillari va huquqshunoslar orasida turlicha baholanmoqda. Kursiv Uzbekistan suhbatlashgan ayrim ekspertlar uni yashirin iqtisodiyotni qisqartirish yo‘lidagi muhim qadam deb hisoblayotgan bo‘lsa, boshqalar fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligi, bank siri va qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan savollarni o‘rtaga tashlamoqda.