Anomal issiq sabab Toshkentda suv sepish kuchaytirildi — video

Toshkentda anomal issiq ob-havo sharoitida ko‘chalarga suv sepish va yashil hududlarni sug‘orish ishlari kuchaytirildi. Poytaxt hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur choralar yo‘l qoplamasi va atrofdagi havoni qisman salqinlashtirishga xizmat qiladi.
Poytaxtning markaziy va asosiy ko‘chalarida maxsus texnikalar yordamida suv sepish ishlari belgilangan jadval asosida olib borilmoqda.
Yashil hududlar ko‘proq sug‘orilmoqda
Gazonlar, daraxtlar va boshqa yashil maydonlarda sug‘orish ishlari ham kuchaytirildi.
Bu anomal issiq kunlarda o‘simliklarni qurib qolishdan saqlash va shahar ko‘kalamzorligini asrash uchun amalga oshirilmoqda.
Favvoralar uzluksiz ishlaydi
Yaqin vaqt ichida shahar favvoralarining uzluksiz ishlashi ham ta’minlanadi.
Bu issiq kunlarda poytaxt aholisi va mehmonlari uchun salqinroq va qulay muhit yaratishga yordam berishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda jazirama sabab bog‘chalar bir necha kunga yopilgandi. Mazkur cheklov bolalarning sog‘lig‘ini jazirama issiq ta’siridan himoya qilish hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilgan.