Bank kartangizdagi pulni soliq organlari kuzatadimi? Muhokamadagi loyihada nimalar nazarda tutilmoqda

O‘zbekistonda banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari hamda omonatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibini belgilovchi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat banklar va Soliq qo‘mitasi o‘rtasidagi axborot almashinuvini avtomatlashtirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda soliq ma’murchiligini raqamlashtirishni nazarda tutadi.
Mazkur tashabbus iqtisodchilar, bank sohasi vakillari va huquqshunoslar orasida turlicha baholanmoqda. Kursiv Uzbekistan suhbatlashgan ayrim ekspertlar uni yashirin iqtisodiyotni qisqartirish yo‘lidagi muhim qadam deb hisoblayotgan bo‘lsa, boshqalar fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligi, bank siri va qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan savollarni o‘rtaga tashlamoqda.
Bank–soliq moduli qanday ishlaydi
Loyihaga ko‘ra, banklar va soliq organlari o‘rtasidagi bugungi qog‘oz shaklidagi so‘rovlar o‘rnini Bank–soliq elektron moduli egallaydi. Natijada ma’lumotlar avtomatik ravishda uzatiladi va qo‘lda hujjat almashish zarurati kamayadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Yashil iqtisodiyot loyihalar ofisi bosh konsultanti Anton Kostyuchenkoning ta’kidlashicha, yangi tizimning ikkita asosiy maqsadi mavjud: birinchisi – axborot almashinuvini to‘liq raqamlashtirish, ikkinchisi esa yashirin iqtisodiyotdagi pul oqimlarini kuzatish orqali noqonuniy daromadlarni yashirish imkoniyatlarini qisqartirishdir.
«Loyihaning ikkita asosiy maqsadi bor. Birinchisi – banklar va soliq organlari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvini to‘liq raqamlashtirish. Ikkinchisi esa yashirin iqtisodiyotdagi pul oqimlarini yanada shaffof qilish. Tranzaksiyalar shaffofligi tushumlarni bo‘lib ko‘rsatish yoki daromadlarni yashirish amaliyotini samarasiz qiladi», — dedi Kostyuchenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda naqd tushumlarni yashirish, ish haqlarini shaxsiy kartalarga o‘tkazish yoki tadbirkorlik faoliyatida hisob-kitob hisobvarag‘i o‘rniga shaxsiy kartalardan foydalanish kabi holatlar yashirin iqtisodiyotning muhim qismini tashkil etadi. Yangi tizim aynan shunday operatsiyalarni aniqlashni osonlashtirishi kerak.
Oddiy fuqarolar uchun xavf bormi
Loyihadagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan masala — jismoniy shaxslarning kartalariga tushadigan pul o‘tkazmalaridir.
Ekspertning aytishicha, nazorat har bir o‘tkazmaga emas, balki bir oy davomida begona shaxslardan 500 BHM (taxminan 206 million so‘m) va undan ortiq mablag‘ kelib tushgan holatlarga qaratiladi.
«500 BHMlik chegara o‘rtacha 6 million so‘m ish haqi oladigan fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligiga ta’sir qilmaydi. Bu har bir pul o‘tkazmasini kuzatish emas, balki kundalik mayda operatsiyalarni nazoratdan chiqarib tashlash uchun belgilangan yuqori mezondir», — dedi u.
Biroq ekspert ayrim holatlarda muammolar yuzaga kelishi mumkinligini ham qayd etadi.
Masalan, to‘y uchun yig‘ilgan mablag‘lar, davolanish xarajatlari uchun xayriya, qarzning qaytarilishi yoki ko‘chish vaqtida qimmatbaho buyum sotishdan tushgan pul bir oy davomida jamlanib, belgilangan chegaraga yetishi mumkin.
Shuningdek, amaldagi mezon yaqin qarindoshlar doirasini ota-ona, turmush o‘rtog‘i, farzandlar, aka-uka, opa-singil, buva-buvi va nabiralar bilan cheklaydi. Amaki, tog‘a, xola, amma, jiyan yoki yaqin do‘stlardan kelgan mablag‘lar esa begona shaxslarning o‘tkazmalari sifatida hisoblanishi mumkin.
P2P o‘tkazmalar eng murakkab masala
Mutaxassisning fikricha, kartadan kartaga (P2P) pul o‘tkazmalarini monitoring qilish har qanday davlat uchun eng murakkab yo‘nalishlardan biridir.
«Tizim pulning iqtisodiy mohiyatini ko‘ra olmaydi. U faqat summa va jo‘natuvchini ko‘radi. Qarzning qaytarilishi, do‘stlar o‘rtasida xarajatlarni bo‘lishish yoki hamkasblar uchun yig‘ilgan mablag‘ ham oddiy pul o‘tkazmasi sifatida ko‘rinadi», — dedi Anton.
Ekspert keltirishicha, shuning uchun faqat summa emas, balki pul o‘tkazmalarining muntazamligi, jo‘natuvchilar soni va boshqa xatti-harakat mezonlari ham inobatga olinishi lozim. Muntazam ravishda pulli xizmat ko‘rsatayotgan fuqarolarga esa o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini rasmiylashtirish tavsiya etiladi.
Xorijiy kompaniyalarga to‘lovlar ham nazorat qilinadi
Loyiha xorijiy yuridik shaxslarga amalga oshiriladigan to‘lovlarni ham qamrab oladi.
Gap O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar — striming platformalari, mobil ilovalar do‘konlari, bulutli xizmatlar, reklama platformalari va turli obuna servislariga to‘lovlar haqida bormoqda.
«Bu norma xalqaro amaliyotga mos keladi. Davlat foydalanuvchining aynan nima sotib olganiga emas, balki xorijiy kompaniyaning mamlakatdagi aylanmasi va soliq majburiyatlarini to‘liq bajarayotganiga qiziqadi», — dedi Anton Kostyuchenko.
Uning ta’kidlashicha, shunga o‘xshash tizimlar Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Qozog‘istonda ham qo‘llaniladi.
Biznes uchun yangi hisobot bo‘lmaydi
Loyihaga ko‘ra, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha hisobot shakllari joriy etilmaydi. Ma’lumotlar bank va soliq organlari o‘rtasida avtomatik almashiladi.
Shuningdek, da’vo muddati o‘tgan davrlar bo‘yicha ma’lumot talab qilinmasligi, bir xil ma’lumotni takroran so‘rash taqiqlanishi hamda asossiz so‘rovlar uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi nazarda tutilgan.
Biroq ekspert real vaqt rejimidagi monitoring ayrim hollarda fuqarolar yoki tadbirkorlardan qo‘shimcha tushuntirishlar talab qilinishiga olib kelishi mumkinligini istisno etmayapti.
Markaziy bank: loyiha yuzasidan e’tirozlar mavjud
Shu bilan birga, O‘zbekiston Markaziy banki Kursiv Uzbekistan’ga yuborgan rasmiy javob xatida mazkur loyiha yuzasidan e’tiroz bildirganini ma’lum qilgan.
Markaziy bankning qayd etishicha, kartadan kartaga (P2P) pul o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumotlarni avtomatik uzatish tashabbusi ilgari ham jamoatchilik tomonidan tanqid qilingan.
Rasmiy xatda ta’kidlanishicha, Markaziy bank mazkur loyiha «Bank siri to‘g‘risida»gi qonunga zid bo‘lishi mumkin, degan pozitsiyani bildirgan va uni amaliyotga joriy etish quyidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini qayd etgan:
- fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga putur yetishi;
- naqd pul hisob-kitoblariga talabning ortishi;
- mablag‘larning bank tizimidan norasmiy aylanmaga chiqib ketishi;
- yashirin iqtisodiyot ulushining oshishi;
- naqd va naqdsiz to‘lovlar o‘rtasidagi tafovutning kengayishi.
Shuningdek, Markaziy bank loyiha Soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilganini, 500 BHM mezoni aynan nima asosida belgilanganiga oid ma’lumotga ega emasligini ham bildirgan.
Ayni paytda regulyator bank tizimida bank siri va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha zamonaviy texnik hamda tashkiliy himoya vositalari joriy etilganini qayd etgan.
Huquqshunos: qonunchilik nuqtai nazaridan bahsli masalalar bor
Masalaga huquqiy nuqtai nazardan qaraganda ham qator savollar mavjud.
«Yurist maslahati» Telegram kanali muallifi, TDYU katta o‘qituvchisi, PhD Abdulloh Nishonovning fikricha, loyiha Konstitutsiya va amaldagi qonunlar bilan uyg‘unlashishi zarur.
«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida shaxsiy hayot daxlsizligi, xususiy mulk himoyasi hamda ma’lumotlar siri qat’iy kafolatlangan. Fuqarolarning moliyaviy va bank operatsiyalari ham shaxsiy hayotning ajralmas qismi hisoblanadi. Shu sababli ularga ommaviy aralashuv konstitutsiyaviy tamoyillar nuqtai nazaridan ehtiyotkorlik bilan baholanishi lozim», — dedi mutaxassis.
Huquqshunosning ta’kidlashicha, amaldagi «Bank siri to‘g‘risida»gi qonun mijozning hisobvaraqlari, operatsiyalari va mablag‘lari harakati haqidagi ma’lumotlarni bank siri sifatida himoya qiladi.
«Mazkur qonunga ko‘ra, bunday ma’lumotlar davlat organlariga faqat qonunda aniq nazarda tutilgan hollarda taqdim etilishi mumkin. Qonunosti hujjati orqali bank siri hisoblangan ma’lumotlarni avtomatik ravishda soliq organlariga uzatish mexanizmini yaratish normativ-huquqiy hujjatlar iyerarxiyasi tamoyillariga zid bo‘lishi mumkin. Huquqshunoslikning oltin qoidasiga ko‘ra, hukumat yoki qo‘mita darajasidagi hujjat Oliy Majlis qabul qilgan qonun normalarini o‘zgartira olmaydi».
Uning fikricha, P2P o‘tkazmalarini monitoring qilish yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda samarali vosita bo‘lishi mumkin, biroq buning uchun avvalo Soliq kodeksi va «Bank siri to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, mustahkam huquqiy asos yaratilishi zarur.
«Aks holda, yangi tartib tadbirkorlar va davlat organlari o‘rtasida ko‘plab nizolarni keltirib chiqarishi, eng muhimi esa fuqarolarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin».
Banklar tomonidan hisobvaraqlar haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga avtomatik uzatishni nazarda tutuvchi loyiha hozircha jamoatchilik muhokamasi bosqichida turibdi. Bir tomondan, u yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq ma’murchiligini soddalashtirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ikkinchi tomondan esa ekspertlar, huquqshunoslar va Markaziy bank vakillari fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari, bank siri, shaxsiy ma’lumotlar himoyasi hamda bank tizimiga bo‘lgan ishonchni saqlash masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shu bois loyiha yuzasidan yakuniy qaror qabul qilinishidan oldin uning iqtisodiy samaradorligi bilan bir qatorda amaldagi qonunchilikka muvofiqligi va fuqarolarning huquqlarini himoya qiluvchi qo‘shimcha kafolatlar ham puxta ko‘rib chiqilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalari bo‘yicha Markaziy bank pozitsiyasiga munosabat bildirgani haqida yozgandi.