BMT O‘zbekistonning suv sohasidagi islohotlarini yuqori baholadi

eʼlon qilindi
«BRM-6ning mamlakatda muvaffaqiyatli joriy etilishi misoli: O‘zbekiston» nomli maxsus tadqiqotida
Ichimlik suvi
BMT O‘zbekistonning suv sohasidagi islohotlarini yuqori baholadi / Foto: Mary_smn / Depositphotos

BMT O‘zbekistonni «Toza suv va sanitariya» bo‘yicha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda jadal taraqqiyotga erishgan davlatlar qatoriga kiritdi. Xulosa BMTning UN-Water idoralararo tuzilmasi tomonidan tayyorlangan «SDG 6 Country Acceleration Case Study: Uzbekistan» nomli tadqiqotida keltirildi.

BMT maxsus tadqiqoti

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda institutsional islohotlar, sohani raqamlashtirish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish orqali suv resurslaridan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirishga erishgan.

Suv iste’moli va tanqisligi kamaydi

Tadqiqot mualliflari suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratgan. UN-Water bahosiga ko‘ra, tomchilatib va boshqa zamonaviy sug‘orish usullarining ommalashishi qishloq xo‘jaligida suv iste’molini qisqartirishning asosiy omillaridan biri bo‘lgan.

Hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda suv olish hajmi 2017-yildagi 58,9 mlrd kub metrdan 2021-yilda 42,5 mlrd kub metrgacha kamaygan. Shu bilan birga, suv tanqisligi darajasi 169 foizdan 122 foizgacha pasaygan. BMT ekspertlari bu natijalarni suv resurslarini boshqarish samaradorligi oshganining muhim ko‘rsatkichi sifatida baholagan.

Foto: Smart-Market

Raqamlashtirish va innovatsion yechimlar

Hisobotda fermerlarga suv tejovchi texnologiyalar, sug‘orish rejimlari, davlat subsidiyalari, imtiyozli kreditlar hamda uskunalar yetkazib beruvchilar haqida ma’lumot beruvchi «Tomchi» mobil ilovasi suv xo‘jaligidagi eng muvaffaqiyatli raqamli loyihalardan biri sifatida qayd etilgan. Loyiha Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi ko‘magida amalga oshirilgan.

Shuningdek, yirik suv omborlarida suv sathi va gidrotexnik inshootlar holatini real vaqt rejimida kuzatuvchi aqlli datchiklar tarmog‘i joriy etilayotgani hamda «O‘zbekkosmos» tomonidan barcha suv omborlari sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring qilinayotgani alohida ta’kidlangan.

Orolbo‘yi va ilmiy salohiyat

BMT ekspertlari Toshkentdagi Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining Ilmiy-axborot markazi faoliyatini ham yuqori baholagan. Markaz 2007-yildan buyon Amudaryo va Sirdaryo havzalari bo‘yicha prognoz hamda tahliliy ma’lumotlarni muntazam tayyorlab kelmoqda.

Foto: Facebook

Hisobotda Orol dengizining qurigan tubida saksovulzorlar barpo etish dasturi dunyodagi eng yirik va innovatsion tabiatni muhofaza qilish tashabbuslaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Bundan tashqari, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hamda «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetining faoliyati ham alohida qayd etilgan.

BMT tavsiyalari

UN-Water O‘zbekistonga suv olish hajmini ekologik barqaror darajagacha qisqartirishni davom ettirish, yerosti suvlarini muhofaza qilishni kuchaytirish, suvni tejash texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirishni tavsiya qilgan.

Tadqiqot mualliflari O‘zbekiston tajribasi Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va suv tanqisligi yuqori bo‘lgan davlatlar uchun ham amaliy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan. Mazkur yutuqlarni 2026-yil dekabr oyida Abu-Dabida o‘tkaziladigan BMTning Suv resurslari bo‘yicha konferensiyasi hamda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Butunjahon suv resurslarini asrash forumida xalqaro hamjamiyatga taqdim etish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonning eng istiqbolli uch sohasini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek